Isroil G‘azoga tijoriy tovarlar kiritilishini to‘xtatdi

Olam

−

image

Isroil G‘azo sektoriga tijoriy tovarlar kiritilishini to‘xtatdi. Bu haqda joriy yilning 14 oktyabr kuni Isroil harbiylarining G‘azodagi gumanitar masalalarni muvofiqlashtiruvchi organi – COGAT’ga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil rasmiylari hozirgi kunda G‘azoga hech qanday tovar kiritmayapti. Ular bunga mahalliy savdogarlar va HAMAS o‘rtasidagi soliq nizosini sabab qilib ko‘rsatgan.

COGAT’ning iddao qilishicha, mahalliy savdogarlar HAMAS talablariga javoban tovar yetkazib berishni to‘xtatishga qaror qilgan. HAMAS G‘azoga kiruvchi har bir yuk mashinasidan 10 ming shekel (3 220 dollar) miqdorida yig‘im undirishni, shuningdek, barcha savdolarning 30 foizini naqd pulda amalga oshirishni talab qilgan.

Mazkur cheklov G‘azo sektorida yashayotgan 2,1 million kishi uchun oziq-ovqat va boshqa tovarlar yetkazib berilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Ocharchilikdan aziyat chekayotgan hudud aholisi tovarlar kiritilishida Isroil nazorat qiladigan chegaralarga to‘liq bog‘liq.

G‘azo hukumatining matbuot xizmati kecha, 15 oktyabr kuni Isroilning bu da’volarini rad etib, ularni “asossiz yolg‘on axborot kampaniyasi” deb atagan. Idora vakillarining bildirishicha, Isroil yuk mashinalari harakati to‘xtagani uchun mas’uliyatni G‘azo hukumatiga yuklashga urinmoqda. Ularning aytishicha, soliq yig‘imi majburiy emas, balki ixtiyoriy bo‘lib, beva ayollar va yetimlar kabi yordamga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Shuningdek, urush oqibatida naqd pul tanqisligi yuzaga kelgani sababli naqd pulda to‘lov qilish tavsiya etilgan, biroq bu hech qachon majburiy talab bo‘lmagan.

Qish mavsumi yaqinlashayotgan bir paytda tijoriy yuklar, jumladan, meva-sabzavot va qishki kiyim-kechaklar yetkazib berilishining to‘xtatilishi G‘azodagi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. COGAT ma’lumotlariga ko‘ra, gumanitar tashkilotlar asosan un kabi asosiy mahsulotlarni olib kiradi. Savdogarlar esa meva va go‘sht kabi tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beradi. Xayriya tashkilotlari xodimlari narxlarni nazorat qilish va aholi ehtiyojlarini qondirish uchun ham gumanitar yordam, ham tijoriy bozor faoliyati zarurligini ta’kidlamoqda.

“Faqat gumanitar yordamning o‘zi barcha insonlarning ehtiyojlarini qondira olmaydi. Bozorlar faoliyat ko‘rsatishi kerak”, deydi Norvegiya qochqinlar kengashi vakili Sheyna Lu.

G‘azo xususiy yuk tashuvchilar uyushmasi rahbari Nahed Shexeyber ham Isroilning bayonotini rad etgan.

“Isroil koordinatori bunda G‘azo savdogarlarini ayblamoqda. Lekin haqiqat shuki, cheklovlarni Isroilning o‘zi joriy qildi”, deydi u.

COGAT bayonotidan so‘ng Shexeyber boshchiligidagi uyushma G‘azo Iqtisodiyot vazirligi bilan uchrashgan. Uchrashuvda Isroil vazirlik tomonidan belgilangan yig‘imlarni bahona qilib, tijoriy tovarlar kiritilishini to‘xtatganidan xavotir bildirilgan.

Iyul oyida global ocharchilikni kuzatuvchi tashkilot G‘azo aholisining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i yil oxirigacha o‘tkir ocharchilikka duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. AQSH vositachiligida erishilgan kelishuvga ko‘ra, Isroil har kuni G‘azoga gumanitar yordam olib kiradigan kamida 600 ta yuk mashinasini o‘tkazishi shart. Biroq diplomatlarning ta’kidlashicha, amalda G‘azoga kuniga 600 tadan ancha kam yuk mashinasi kirmoqda. Shexeyberning aytishicha, bu ko‘rsatkich taxminan 300 tani tashkil etadi va ularning uchdan ikki qismi tijoriy yuklardan iborat.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing