Makron Falastin haqida gapirib, BMT minbariga mushtini urdi (video)
Olam
−
17:43 1481 3 daqiqa
Kecha, 22 sentyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi chog‘ida Falastindagi vaziyat haqida gapirayotib, minbarga mushtini urdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Makron AQSH Prezidenti Donald Trampning tinchlik rejasi muvaffaqiyati haqidagi bayonotlarini shubha ostiga qo‘yib, e’lon qilingan tinchlikka qaramay, G‘azo sektorida shu kungacha birorta ham gumanitar koridor ochilmaganini aytgan. Fransiya yetakchisi dunyo “hamma uyatda qolishi kerak bo‘lgan” vaziyatni kuzatayotganini aytgan hamda Trampni G‘azo bo‘yicha o‘z rejasini diplomatik zafar sifatida taqdim etgani uchun tanqid qilgan.
“Bir yil oldin shu yerda, ushbu zalda o‘ntacha davlat Falastinni tan oldi. Men ba’zi odamlarning: “Tan olish – bu shunchaki qog‘oz, aslida nima bo‘layotganiga qarang”, degan so‘zlarini eshityapman”, deydi Makron.
Fransiya Prezidenti o‘z nutqi chog‘ida minbarga mushti bilan urgan. U G‘azoda sodir bo‘layotgan hodisalar fonida harakatsiz qolishda davom etar ekan, xalqaro hamjamiyat ishonch haqida gapira olmasligini qayd etgan.
“Ammo G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar qarshisida bundan keyin ham harakatsiz qoladigan bo‘lsak, bizga nisbatan qanday ishonch haqida gap ketishi mumkin? Ba’zilar go‘yoki erishilgan tinchlik bilan maqtanmoqda. Lekin bu tinchlik bir soniyaga bo‘lsa ham gumanitar yo‘lak imkoniyatini qayta tiklagani yo‘q. Nahotki biz shunchaki tomoshabin bo‘lib hammamizni uyatga qoldirayotgan bu tomoshani kuzatib tursak?
Bugun sodir bo‘layotgan voqealarga ochiq ko‘z bilan qarang. G‘arbiy Sohilda har kuni ochiqdan ochiq qonunbuzarliklar sodir etilmoqda. Xo‘sh, nima sabab? Axir HAMAS G‘arbiy Sohilda hech qachon faoliyat olib bormagan-ku! Bu harakatlar – Falastin xalqining mavjud bo‘lishga bo‘lgan qonuniy huquqlarini har kuni qadamma-qadam yo‘qqa chiqarish va mustaqil davlat qurish imkoniyatini tamoman barbod qilishdan boshqa narsa emas”, deydi Makron.
Uning chiqishi Trampning xuddi shu minbardagi nutqidan bir necha soat o‘tib bo‘lib o‘tgan. AQSH Prezidenti G‘azo bo‘yicha 20 banddan iborat tinchlik rejasini diplomatik muvaffaqiyat deb atagan edi.
Makronning tanqididan so‘ng AQSH Davlat departamenti X ijtimoiy tarmog‘ida Trampning iqtibosini e’lon qilgan. Amerika Prezidenti BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi bir ovozdan ma’qullangani va “Tinchlik kengashi” tuzilganini ma’lum qilib, ushbu voqealarni “ajoyib” deb atagan.
“Bir yil oldin, men ushbu zaldagi buyuk yetakchilarga murojaat qilganimda G‘azodagi shafqatsiz urush hamon davom etayotgan edi. Bir necha haftadan so‘ng biz behisob minglab odamlarning hayotini saqlab qolgan holda G‘azodagi urushni yakunladik”, deydi Tramp.
Shu bilan birga, Fransiyaning o‘zida Makron o‘tgan yilning sentyabr oyida Falastin davlati tan olinganidan beri yetarlicha ish qilmagan deb hisoblaydigan siyosatchilar va faollar tomonidan tanqidga uchramoqda.
Shu bilan birga, Parij G‘arbiy Sohilda isroillik ko‘chmanchilar tomonidan falastinliklarga nisbatan ishlatilayotgan zo‘ravonlikka nisbatan o‘z pozitsiyasini kuchaytirgan. Fransiya bir qator sanksiyalarni joriy etgan, shuningdek, bosib olingan G‘arbiy Sohildagi aholi punktlarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni taqiqlash jarayonini boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT minbarida G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanishini, shuningdek, G‘azo – hozirgi davrning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘ini ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi