“G‘azo – davrimizning eng uyatli qirg‘ini”. Erdo‘g‘an BMT minbarida nimalar dedi?

Olam

image

G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqa hisoblanadi. Shuningdek, G‘azo – hozirgi davrning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘ini. Bu haqda bugun, 22 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti 81-Bosh Assambleyasida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an gapirdi.

“Avvalambor, o‘z qayg‘umni izhor etmoqchiman. A’zo mamlakatlar tomonidan rasman tan olingan Falastin davlatining muhtaram Prezidenti janob Mahmud Abbos ketma-ket ikki yildir-ki ushbu zalda ishtirok eta olmayapti. Falastinlik birodarlarimizga nisbatan qilinayotgan bu adolatsizlik vijdonlarni yaralamoqda. Shuni bilishlarini istardimki, janob Abbosning o‘zi bu yerda shaxsan qatnasha olmayotgan bo‘lsa-da, biz, xuddi o‘tgan yili bo‘lganidek, ozod va mustaqil Falastin davlatining ovozi bo‘lamiz”, deya gap boshlagan Turkiya yetakchisi.

Shuningdek, u 1945 yil 26 iyunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi imzolanayotganda mamlakatlar katta umid bilan quyidagilarni e’lon qilganini eslagan:

  • Insoniyat Birlashgan Millatlar xalqlari, bir inson umri davomida ikki marta insoniyatga ta’riflab bo‘lmas ofatlarni keltirgan urush ofatidan kelajak avlodlarni himoya qilishga;
  • inson huquqlariga, inson sha’ni va qadr-qimmatiga; 
  • adolatni saqlash va shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarga hurmat ko‘rsatilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga; 
  • yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida tinch-totuv yashashga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun kuchlarni birlashtirishga qaror qilgan.

Erdo‘g‘anning aytishicha, Nizom imzolanganidan beri 81 yildan ortiq vaqt o‘tgan, ammo insoniyat hamon o‘sha kundagi irodaning hayotga tatbiq etiladigan kunlarini orziqib kutmoqda. Juda uzoqqa borishning hojati yo‘q. So‘nggi bir yilga nazar solishning o‘zi kifoya. Ortda qolgan 12 oy 60 dan ortiq nizo va urushlar bilan so‘nggi 30 yilning eng qonli davrlaridan biri sifatida tarixga kirgan.

Turkiya yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, G‘azodan Ukraina va Rossiyagacha, Myanmadan Erongacha 250 ming inson hayotdan ko‘z yumgan. Bundan ancha ko‘pchilik ta’riflab bo‘lmas azob-uqubatlarni boshdan kechirgan. Yuz minglab odamlar tug‘ilib o‘sgan yerlarini tark etishga majbur bo‘lgan. G‘azoda 74 ming odam Isroil terrorining qurboni bo‘lgan. Ular jufti halollari, ota-onalarining jasadlarini kavlab olmoqda. Isroil hujumlarida qo‘l va oyoqlaridan ayrilgan begunoh go‘daklar yog‘ochdan yasalgan protezlar bilan hayotga qaytishga harakat qilmoqda.

“Shifoxonalarda yoqilg‘i tanqisligi sababli generatorlarning 70 foizdan ortig‘i hozirda xizmat ko‘rsata olmayapti. Farzandlari va nabiralarining ustida titrab turadigan ota va bobo sifatida, yuragimiz tilka-pora bo‘lib shuni ta’kidlashga majburman: G‘azo bugun nafaqat dunyodagi eng katta qabriston, balki dunyoda amputatsiya ko‘rsatkichi eng yuqori bo‘lgan mintaqadir. G‘azo – davrimizning eng insoniylikka zid, eng uyatli qirg‘inidir.

Hammamizni larzaga solishi kerak bo‘lgan bu manzaraning bizga aytayotgan gapi shu: bundan 81 yil oldin tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun tuzilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugungi kunga kelib bu vazifasini bajara olmaydigan holatga kelib qoldi. Tashkilot kuchsizlanishda davom etmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.

Uning aytishicha, Falastinda, Sudanda va boshqa inqiroz mintaqalarida o‘z umidlarini Birlashgan Millatlar Tashkilotiga bog‘laganlar chuqur hafsalasi pir holatda. 

“Eslatib o‘tmoqchimanki, bir kun kelib hamma insoniyatning umumiy vijdoniga sig‘inishga majbur bo‘ladi. Bugun o‘zimizni xavfsizlik, farovonlik va tinchlik ichida his qilishimiz mumkin. Nizo va inqiroz mintaqalaridan uzoqda, qulaylik ichida yashashimiz mumkin. Lekin ertaga nima bo‘lishini hech birimiz bilmaymiz”, deydi Turkiya Prezidenti.

U shu sababli, xalqaro tizimga bo‘lgan ishonchni qayta tiklashga qaratilgan bu yilgi Bosh Assambleya mavzusini juda o‘rinli deb hisoblashini bildirgan. 

“Janob Bosh kotibning “Birlashgan Millatlar Tashkiloti 80” tashabbusi bilan birga ushbu yo‘nalishda ko‘rsatayotgan samimiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu islohot irodasi keyingi Bosh kotib davrida ham davom ettirilishini kutib qolamiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Turkiya Prezidenti agar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga bo‘lgan ishonch haqiqatan ham oshirilishi istalayotgan bo‘lsa, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar aniq ekanini qayd etgan. 

“Falastinlik go‘daklar xavfsizlikda bo‘ladi, osmonga qaraganlarida urush samolyotlarini, dronlarni emas, erkin uchib yurgan varraklarni ko‘radi. Livanda bolalar tun yarmida bomba ovozlaridan uyg‘onmaydi. Osiyolik mehnatkashlarning peshona teri shafqatsiz kapitalistlar tomonidan ekspluatatsiya qilinmaydi. Afrikalik birodarlarimiz o‘z kelajagiga kamida eng farovon mamlakatlar fuqarolari kabi ishonch bilan qaraydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga bo‘lgan ishonch faqat shu yo‘l bilan qayta ta’minlanishi mumkin”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz, Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, G‘azodagi vaziyatni keskin qoralagan edi va mamlakatlarni Falastinni tan olishga chaqirgandi. Shuningdek, u G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan ayollar va bolalarning suratlarini ko‘rsatib, sodir bo‘layotgan genotsid “jonli efirda namoyish etilayotganini” aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing