“Genotsid jonli efirda”. Erdo‘g‘an BMT minbarida G‘azodan suratlar ko‘rsatdi (video)
Olam
−
23 Sentabr 2025 13414 2 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, G‘azodagi vaziyatni keskin qoraladi va mamlakatlarni Falastinni tan olishga chaqirdi. Uning nutqi BMTning You Tube kanalida jonli namoyish qilindi.
Erdo‘g‘an G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan ayollar va bolalarning suratlarini ko‘rsatib, sodir bo‘layotgan genotsid “jonli efirda namoyish etilayotganini” aytdi.
“G‘azodagi tibbiy infratuzilma butunlay vayron qilingan, shifokorlar yo o‘ldirilgan, yo hibsga olingan. G‘azo sektoridagi genotsid jonli efirda namoyish etilmoqda. Ikki yoshli qo‘lsiz yoki oyoqsiz begunoh bolalarning suratlari, afsuski, G‘azoda odatiy holga aylangan. 2025 yilda bunday shafqatsizlikka aqlga sig‘adigan oqlov bo‘lishi mumkinmi? Insoniyat nomidan aytaman: bu sharmandali manzara G‘azoda 23 oydan beri har kuni kuzatilmoqda”, deydi Turkiya Prezidenti.
Shuningdek, Erdo‘g‘an G‘azoda yuzlab odamlar, jumladan, bolalar ochlikdan nobud bo‘lganini qayd etdi. U Isroilni jurnalistlar va tinch aholini ataylab o‘ldirishda aybladi. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumati qilayotgan vahshiyliklar butun dunyoda antisemitizmning kuchayishiga turtki bermoqda.
“Yevropa va Amerikada bola atirgul tikanidan yaralansa, ota-onalarning qalbi eziladi. G‘azoda esa bolalarning qo‘l-oyog‘i narkozsiz kesib tashlanmoqda. Biz bu yerda gapirayotgan paytda Isroil tinch aholini o‘ldirishda davom etmoqda”, deydi u.
Turkiya rahbari Isroil faqat G‘azo va G‘arbiy Sohil bilan cheklanmayotganini, balki Suriya, Yaman, Eron va Livanga ham tahdid solib, mintaqaviy tinchlikni xavf ostiga qo‘yayotganini bildirdi. Qatarga uyushtirilgan hujum esa isroillik rahbarlarning butunlay nazoratni yo‘qotganini ko‘rsatishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “na tinchlikka, na garovdagilarni ozod etishga qiziqmoqda”.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Eronning yadro dasturi bo‘yicha diplomatik yechim topilishiga umid bildirdi va mintaqa yana bir inqirozni ko‘tara olmasligidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan “Falastin masalasiga yechim topish va ikki davlatli yechimni amalga oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida Falastin davlati tinchklikka erishib, to‘laqonli mustaqil bo‘lmaguncha, Turkiya kurashishda davom etishini aytgani haqida xabar berilgan edi. Erdo‘g‘an o‘z chiqishida Falastin davlatini tan olgan mamlakatlarni tabriklab, bu qaror ikki davlatli yechimni tezlashtirishini ta’kidlagan.
Live
Barchasi