To‘qayev Ukrainadagi urush bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi

Olam

image

Bugun, 26 fevral kuni Qozog‘istonda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev raisligida Xavfsizlik kengashining tezkor majlisi bo‘lib o‘tdi. Uning kun tartibiga xalqaro xavfsizlikni ta’minlashning dolzarb masalalari kiritildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar bergan. 

Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash kontekstida Ukraina atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilgan. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Prezident davlat organlari oldiga aniq vazifalarni belgilab, topshiriqlar bergan. 

To‘qayev uchrashuv geosiyosiy keskinlikning misli ko‘rilmagan keskinlashuvi sharoitida o‘tayotganini ta’kidlagan.

“Iqtisodiy ittifoqimiz sanksiyalar mojarosi tufayli siyosiy qarama-qarshilikning kuchayishi hamda mamlakatlarimiz iqtisodiyoti va moliyaviy tizimlari uchun salbiy oqibatlardan xavotirda. Biz Qozog‘istonda inqirozga qarshi choralar ko‘ryapmiz, bu faqat boshlanishi, oldinda juda jiddiy va qiyin ishlar turibdi. O‘ylaymanki, biz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkasblarimiz bilan birgalikda bu ishni amalga oshirishimiz mumkin edi. Iqtisodiyot, moliya va sanoat tizimlarining uzviy bog‘liqligini hisobga olgan holda, Ittifoq tarkibida xavflarni baholash va salbiy oqibatlarni yumshatishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilishi kerak, deb hisoblayman”, degan Prezident.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing