To‘qayev Ukraina borasida Putin bilan hamfikrligini bildirdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Ukrainaning neytral, bloksiz va yadroviy bo‘lmagan maqomi bo‘yicha kelishuvlarga erishish muhimligini muhokama qildi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.  

“Vladimir Putin Qosim-Jomart To‘qayevga Rossiya-Ukraina muzokaralarining borishi haqida ma’luot berdi. Ukrainaning neytral, bloksiz, yadroviy bo‘lmagan maqomi bo‘yicha kelishuvlarga erishishning alohida ahamiyati haqida umumiy tushuncha bildirildi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, Prezidentlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qilgan.  

“O‘zaro tovar ayirboshlash dinamikasini saqlab qolish maqsadida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida eng muhim tovar ayirboshlash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deya ma’lum qilmoqda matbuot xizmati. 

Putin, shuningdek, To‘qayevga Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning borishi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralar haqida ma’lumot bergan. 

“Vladimir Putin Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy operatsiyaning borishi, shuningdek, Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralar haqida ma’lumot berdi”,  — deyiladi Kreml xabarida.  

Davlat rahbarlari Yevroosiyo makonida integratsion birlashmalar doirasida mamlakatlarning o‘zaro hamkorligini chuqurlashtirish istiqbollarini ham muhokama qilganlar.  

“Yevrosiyo makonida integratsiya birlashmalari doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi”, deyiladi Kreml xabarida. 

Tomonlar Rossiya-Qozog‘iston ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash tarafdori ekanliklarini tasdiqlagan.  

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

16

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing