Trampning odami Moskvaga bordi (video)
Olam
−
06 avgust 5375 2 daqiqa
AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bugun, 6 avgust kuni Rossiya rahbariyati bilan muzokaralar olib borish uchun Moskvaga yetib bordi. U Vnukovo aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda “Reuters” va Rossiya davlat OAVlari TASS va RIA Novosti manbalariga tayanib xabar berdi.
Uitkoffni Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, Rossiya Prezidentining xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev kutib oldi.
Maxsus elchining Rossiyaga tashrifi haqida avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp e’lon qilgan edi. Ma’lumki, Tramp rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni tugatish choralarini ko‘rish uchun 10 kun muhlat bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadagilar Uitkoffni “ko‘rishni xohlagan”.
“Ular uni uchrashuvga taklif qilishdi. Demak, bundan nima chiqishini ko‘ramiz”, dedi Tramp.
Ultimatum ikki kundan keyin tugaydi. Agar Rossiya Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan bosh tortsa nima bo‘ladi degan savolga Tramp shunday javob berdi:
“Xo‘sh, sanksiyalar bo‘ladi. Ammo ular sanksiyalarni yengib o‘tishni juda yaxshi biladi. Shunday qilib, nima bo‘lishini ko‘ramiz”.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalardan qochish uchun Moskva “odamlar o‘limini tugatadigan bitim tuzishi” kerak.
Hindiston va Pokiston, Kambodja va Tailand, Kongo Demokratik Respublikasi va Ruandani misol qilib keltirgan Tramp, “Biz ko‘plab mamlakatlarning urush olib borishini to‘xtatdik” dedi.
“Biz ham bu urushni to‘xtatamiz va kimdir buni qilishi kerak”, dedi Prezident.
Qayd etish joiz, Uitkoff va Putin allaqachon 11 fevral, 13 mart, 11 aprel va 25 aprel kunlari Rossiyada muzokaralar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Uitkoffning Moskvaga tashrifi arafasida, kecha, 5 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Tramp bilan suhbatlashgandi.
Live
Barchasi