Tramp bilan faqat Zaporoje AES haqida gaplashdik – Zelenskiy
Olam
−
20 mart
2581Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 19 mart kuni AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan telefon muloqotida faqat Zaporije atom elektr stansiyasi atrofidagi vaziyat muhokama qilinganini aytdi. Bu haqda kecha, 19 mart kuni jurnalistlar bilan videokonferensaloqa paytida ma’lum qildi.
“Masala faqat vaqtinchalik ishg‘ol ostida bo‘lgan stansiyaga tegishli edi. Stansiya ishlamayapti, chunki Rossiya uni butunlay noqonuniy ushlab turibdi”, dedi Ukraina rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida Ukraina bu stansiyani qayta tiklashga qodirmi, degan savol ko‘tarilgan. Zelenskiy u yerda tegishli infratuzilma, suv ta’minoti va texnik xodimlar bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
“Biz faqat bitta stansiya haqida gaplashdik. “Prezident [Tramp] so‘radi: “agar Amerika buni qayta tiklashi mumkin degan tushuncha mavjud bo‘lsa-chi?” Men unga aytdim: ha, agar uni modernizatsiya qilish mumkin bo‘lsa. Buni siz bilan muhokama qilishga tayyormiz. Ammo biz faqat vaqtincha Rossiya tomonidan bosib olingan bir stansiya haqida gaplashgan edik”, dedi Ukraina rahbari.
DPA agentligining yozishicha, ayni paytda Tramp xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSH Ukrainadagi to‘rtta atom elektr stansiyasi boshqaruvini o‘z qo‘liga olishi mumkinligini da’vo qilmoqda.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts 19 mart kuni AESga egalik huquqining AQSHga o‘tkazilishi Ukraina energetika infratuzilmasi uchun eng yaxshi himoya bo‘lishini bildirdi.
19 mart kuni bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Vladimir Zelenskiy Vashingtonning energiya va boshqa fuqarolik infratuzilmalariga hujumlarni to‘xtatish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 18 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali suhbatlashgandi – Trampning amaldagi prezidentlik muddati boshlanganidan beri tasdiqlangan ikkinchisi – ular Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushda sulh o‘rnatish imkoniyatini muhokama qilishdi.
Oq uy rahbari Vladimir Putin bilan telefon suhbatidan so‘ng o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
“Biz to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish va oxir-oqibatda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi dahshatli urushni tugatish yo‘lida tezda harakat qilishimizni anglagan holda barcha energetika va infratuzilma ob’ektlarida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldik”.
Putin, shuningdek, har tomondan 175 kishidan iborat formulaga ko‘ra, Ukraina bilan yangi harbiy asirlarni almashish, shuningdek, og‘ir yaralangan 23 nafar ukrainalik askarni o‘z vatanlariga qaytarishga ruxsat berdi.
Buning evaziga u Qo‘shma Shtatlardan Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish va razvedka ma’lumotlarini uzatishni butunlay to‘xtatishni talab qildi. Bu, Kreml matbuot bayonotiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining tinch yo‘l bilan kelishuvni boshlash talablaridan biridir.