Tramp endi Ukraina energetika ob’ektlariga egalik qilmoqchi
Olam
−
20 mart
3374Kecha, 19 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilganini bildirib, Davlat kotibi Marko Rubio hamda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uoltsni Zelenskiy bilan muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq bayonot berishga chaqirgandi. O‘sha bayonot Oq uy saytida e’lon qilindi.
Rubio va Uoltsning bayonotida qayd etilishicha, telefon suhbati chog‘ida Tramp Zelenskiy bilan “Ukrainaning elektr ta’minoti va atom elektr stansiyalari”ni muhokama qilgan va “Qo‘shma Shtatlar elektr energiyasi va kommunal sohadagi tajribasi tufayli bu stansiyalarni boshqarishda juda yordam berishi mumkinligini aytgan”.
“Ushbu elektr stansiyalariga Amerika egalik qilishi bu infratuzilma uchun eng yaxshi himoya va Ukraina energetika infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, Zelenskiy “fuqarolarini himoya qilish uchun qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini, xususan, Patriot raketa tizimlarini” so‘ragan va Tramp “mavjud variantlarni topish uchun u bilan ishlashga rozi bo‘lgan.
“Tramp va Zelenskiy, shuningdek, Kurskdagi vaziyatni muhokama qilishdi va jang maydonidagi vaziyat o‘zgargani uchun harbiy shtablari o‘rtasida yaqindan ma’lumot almashishga kelishib oldi. Shuningdek, Tramp Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalarni qaytarish masalasida har ikki tomon bilan yaqindan ishlashga va’da berdi”, dedi Livitt.
AQSH Energetika vaziri Kris Rayt “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Ukraina atom elektr stansiyasini o‘z nazoratiga olishga qodirligini aytdi.
“Biz buni qila olamiz. Biz AQSHda bu stansiyalarni boshqarish uchun juda ko‘p texnik tajribaga egamiz. Buning uchun mahalliy mutaxassislar kerak emas deb o‘ylayman”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 mart kuni Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgandi. Suhbat Moskva vaqti bilan taxminan soat 17:00 da boshlangan va ikki yarim soat davom etgan. Muloqot davom etayotgan paytda Oq uy apparati rahbarining o‘rinbosari Den Skavino uni “yaxshi o‘tmoqda” deb ta’kidlagan. Muloqotda Donald Tramp tomonlar o‘rtasida 30 kun davomida energetika infratuzilmasiga zarba berishdan voz kechish taklifini ilgari surgan. Vladimir Putin bu tashabbusga ijobiy munosabat bildirgan va Rossiya harbiylariga tegishli ko‘rsatmalar bergan. Shuningdek, ular Yaqin Sharq mintaqasini kelajakdagi mojarolarning oldini olish uchun hamkorlik maydoni sifatida muhokama qilgan hamda strategik qurollarning tarqalishini to‘xtatish zarurligini ta’kidlab, ushbu masalada keng qamrovli choralar ko‘rish uchun boshqa tomonlar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar



