Ukrainada qanday noyob mineral resurslar bor va ular Trampga nima uchun kerak?
Olam
−
02 mart
17855AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning joriy yilning 28 fevral kuni Vashingtonga tashrifi chog‘ida AQSH va Ukraina o‘rtasida “noyob yer metallari va boshqa narsalar bo‘yicha” kelishuv imzolanishini aytgan edi. Bu kelishuv so‘nggi haftalarning asosiy mavzusi bo‘lgandi. Negaki busiz Tramp urushda Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortadi.
Ukrainada noyob tuproq va muhim foydali qazilmalarning ulkan konlari mavjud, ammo ularning aksariyati Rossiya qo‘shinlari nazorati ostidagi hududlarda joylashgan. Trampga ko‘ra, Ukraina bu resurslarni AQSHga berishi kerak, shundagina mamlakat rahbariyati Rossiyaga qarshi urushda uni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
“Men [Ukrainaga] 500 milliard dollar ekvivalentidagi nodir tuproq metallarini olishni xohlayotganimni aytdim va ular bunga rozi bo‘ldi”, degan edi Tramp shu yilning 10 fevral kuni “Fox News”ga bergan intervyusida.
Vladimir Zelenskiy bunga javoban suhbatni “jiddiy emas” deb atadi va “mamlakatni sota olmasligini” qo‘shimcha qildi. Bir necha hafta davomida AQSHning Kiyevga nisbatan “qattiqqo‘l ritorikasi”dan so‘ng uning pozitsiyasi o‘zgara boshladi.
26 fevral kuni mumkin bo‘lgan kelishuvga izoh berar ekan, Zelenskiy o‘zi uchun asosiy masala AQSH yordamini davom ettirish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha dastlabki kelishuv “faqat boshlanishi, poydevori va bu katta muvaffaqiyat bo‘lishi mumkin”.
Trampning taklifi Ukrainada joylashgan mineral resurslar AQSH uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Lekin ular nima uchun kerak va rasmiy Vashington nimani taklif qilishi mumkin?
Ukrainada qanday minerallar bor?
Ukraina Yevropa Ittifoqi tomonidan “muhim xomashyo” deb ta’riflangan 30 ta moddadan 21 tasini o‘z ichiga oladi, bu dunyo zaxiralarining taxminan 5 foizini tashkil qiladi.
Ushbu elementlarning konlari topilgan ko‘plab hududlar Ukraina kristall massivining janubida, asosan Azov dengizi ostida joylashgan. Ushbu hududlarning aksariyati hozirda Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan, ammo Ukraina hali ham O‘rta Pobujjya mintaqasida, shuningdek, Kiyev, Vinnitsa va Jitomir viloyatlarida istiqbolli loyihalarga ega.
Mutaxassislarning fikricha, Ukraina hududida bir necha yuzlab istiqbolli geologik ob’ektlar aniqlanganiga qaramay, agar ularni o‘zlashtirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq deb topilsa, ulardan faqat bir qismigina konlarga aylanishi mumkin.
“E’lon qilingan baholashlar hozircha juda taxminiy. Bu konlar haqiqiy iqtisodiy zaxiralar ekanini isbotlash uchun hali juda katta ish qilish kerak”, degan Benchmark Mineral Intelligence tashkilotining akkumulyatorlar uchun xomashyo bo‘yicha bo‘lim rahbari Adam Vebb.
Ukrainadagi boshqa muhim foydali qazilmalar haqida gap ketganda, ”Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 70 foizi Donetsk, Dnepropetrovs va Lugansk viloyatlarida joylashgan. Shunday qilib, hozir konlarning ko‘p qismi Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda qolmoqda.
Nodir yerosti minerallaridan tashqari, Ukrainada litiy zaxiralari ham mavjud. Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi litiy zaxiralari taxminan 450 ming tonnani tashkil etadi.
Hozircha Ukrainada litiy qazib olish ishlari boshlanmagan, ammo kelajakda bu jarayonni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Ayni paytda Rossiya kamida ikki litiy konini nazorat qilmoqda: Donetsk viloyatidagi Shevchenkovske va Berdyansk tumanidagi “Krutaya Balka” konlari.
Kirovograd viloyatida joylashgan litiy konlari esa hozircha Ukraina nazorati ostida qolmoqda.
Nima uchun Trampga bu minerallar kerak?
Qo‘shma Shtatlarning noyob tuproq metallari va ehtimol muhim minerallarni ishlab chiqarishni nazorat qilishdan manfaatdorligi asosan Xitoyga qarshi raqobat bilan bog‘liq.
So‘nggi bir necha o‘n yilliklarda Xitoy noyob yer minerallarini qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yetakchiga aylandi. U jahon ishlab chiqarishining 60-70 foizini va qayta ishlash quvvatlarining deyarli 90 foizini tashkil qiladi.
AQSHning bu masalada Xitoyga qaramligi Tramp ma’muriyatini ham milliy xavfsizlik, ham iqtisodiy nuqtai nazardan xavotirga solishi mumkin. Axir, bu materiallar murakkab texnologiyalarni yaratish uchun zarur – elektromobillardan tortib harbiy texnikagacha.
Trampning “paradoksi”
Tramp qayta tiklanadigan energiya siyosatidan voz kechib, qazib olinadigan yoqilg‘i ishlab chiqarishni kengaytirishni buyurdi. Shu bilan birga, u qayerdan bo‘lmasin, muhim minerallarni – toza energiyaga o‘tishning kalitini olishni xohlaydi.
Biroq, bu minerallar, shuningdek, maishiy elektronika, harbiy va navigatsiya uskunalari va eng muhimi, sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari uchun qurilish bloklari hisoblanadi.
Avvalroq Tramp mamlakatda sun’iy intellekt infratuzilmasi kengayganini ma’lum qilgandi. Buning uchun muhim foydali qazilmalarning – asosan mis, kremniy, palladiy va noyob yer elementlarining katta zaxiralari talab qilinadi. Va muhim minerallarni yetkazib berish allaqachon pasayishni boshladi va bu global toza energiya o‘sishining sekinlashuvining asosiy sababiga aylandi.
Qayta tiklanadigan energiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy o‘nlab yillar davomida qayta ishlash texnologiyasi va tajribasini takomillashtirgan holda, hozirda tabiiy grafit va disprosiy zaxiralarining 100 foizini, kobaltning 70 foizini va qayta ishlangan litiy va marganetsning deyarli 60 foizini nazorat qiladi.
Pekin, shuningdek, Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikadagi yirik konlarga egalik qilib, butun dunyo bo‘ylab asosiy metallar ustidan qattiq nazoratni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Xitoyning global yetkazib berish zanjiriga nisbatan o‘sib borayotgan ta’siriga qarshi turish uchun AQSH kritik muhim va strategik minerallar zanjirini ta’minlashi kerak”, degan edi Bayden ma’muriyati paytida Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasi.
Nashrga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukraina va Grenlandiyani o‘z ta’minot zanjirini to‘ldirishda innovatsion usullardan foydalanish mumkin bo‘lgan hududlar sifatida ko‘rmoqda.
LiveBarchasi
24 mart
Do‘rmonga o‘t ketdi.
24 mart