Ukraina Prezidenti ofisi sobiq rahbariga nisbatan tergov boshlandi
Olam
−
08:51 2870 2 daqiqa
Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi va Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuraturasi Ukraina Prezidenti ofisining sobiq rahbari Andrey Yermakka nisbatan tergov harakatlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” nashri xabar berdi.
Nashr Yermak avtomobil yonida turgan paytda tushirilgan bir nechta suratlarni e’lon qilgan. Uning atrofida fuqarolik kiyimidagi shaxslar ham bo‘lgan.
Yermakka nisbatan tergov harakatlari olib borilayotganini “RBK-Ukraina” manbasi ham tasdiqlagan.
Ukraina Oliy radasi deputati Yaroslav Jeleznyak ham Telegramʼda shu kabi foto va videolarni joylagan.
Shu bilan birga, Yermakka rasman ayblov qo‘yilgani haqida tasdiq yo‘qligi qo‘shimcha qilingan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2025 yil noyabr oyida Andrey Yermakni prezident ofisi rahbari lavozimidan ozod qilgan edi. Bu qaror Yermak uyida tintuv o‘tkazilganidan ko‘p o‘tmay qabul qilingan.
Jeleznyakning iddao qilishicha, Yermak energetika sohasidagi korrupsion sxemalarga aloqador bo‘lgan. Bu ishlar bo‘yicha tergovni Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi olib borgan.
Byuro o‘tgan kuzda Ukraina atom elektr stansiyalari operatori hisoblangan “Energoatom” kompaniyasidagi korrupsiyani fosh etish uchun “Midas” maxsus operatsiyasini amalga oshirgan. Tergovga ko‘ra, sxemaning asosiy tashkilotchisi biznesmen Timur Mindich bo‘lgan. U avval Zelenskiyning biznes hamkori sifatida tanilgan.
Keyinroq idora Yermak uyidagi tintuvlar Mindich ishiga bog‘liq emasligini bildirgan.
Zelenskiy esa Yermakning ishdan olinishi korrupsiya tergovlari bilan bog‘liqligini rad etib, bu qaror uchun “o‘ziga xos sabablar” bo‘lganini aytgan.
Prezident ma’muriyatidan ketgach, Andrey Yermak advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini tikladi va Ukraina Milliy advokatlar assotsiatsiyasi huzurida tashkil etilgan urush jabrlanuvchilarini himoya qilish qo‘mitasiga rahbarlik qila boshladi.
2026 yil yanvaridan buyon Ukraina Prezidenti ofisiga mamlakat Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Kirill Budanov rahbarlik qilib kelmoqda.
Live
Barchasi