Tramp BAA bilan 200 mlrd dollarlik shartnoma tuzdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 15 may kuni AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga va’da berdi va 200 milliard dollardan ortiq qiymatdagi shartnomalarni e’lon qildi. Shuningdek, ikki mamlakat sun’iy intellekt (AI) sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Oq uy bayonotida so‘z boradi.

Tramp BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashganidan so‘ng, Etihad Airways’ning 14,5 milliard dollarlik investitsiyasini o‘z ichiga olgan shartnomalar e’lon qilindi – bu mablag‘lar 28 ta Boeing 787 va 777x samolyotlariga sarflanadi, ularning dvigatellari GE Aerospace tomonidan ishlab chiqariladi.

AQSH Savdo vazirligi ma’lum qilishicha, ikki mamlakat “AQSH–BAA Sun’iy Intellektni Jadallashtirish Hamkorligi” deb nomlangan yangi hamkorlik doirasini tashkil qilishga kelishgan. Shuningdek, Tramp va Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon 5 GVt quvvatga ega yangi sun’iy intellekt kampusi ochilishida ishtirok etdi — bu AQSHdan tashqaridagi eng yirik AI markazi bo‘ladi.

Manbalarning xabar berishicha, bunday kelishuvlar BAAga AQSHda ishlab chiqarilgan ilg‘or AI chiplariga kengroq imkoniyatlar beradi. AQSH avvaliga Xitoy texnologiyalarga yetib olishi mumkinligidan xavotirlanib, cheklovlar joriy qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘n yil ichida AQSHga 1,4 trillion dollar sarmoya kiritishini aytgandi. Shuningdek, Ol Nahayon Trampga BAA va AQSH o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun “Zayed” milliy ordenini topshirdi.

Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi

Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan Tramp 13-16 may kunlari mazkur mintaqada bo‘ladi. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi. 

Shuningdek, Tramp va Qatar hukumati o‘rtasida 1,2 trillion dollardan ortiq qiymatga ega iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Mazkur shartnoma Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risidagi kelishuvni ham o‘z ichiga oladi.  

Bundan tashqari, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan paytda Tramp Suriyaga qarshi barcha AQSH sanksiyalarini bekor qilishini e’lon qildi. Bu qaror ijtimoiy va diplomatik doiralarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Tramp, shuningdek, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi va uni Isroilni tan olish va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishga da’vat etdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp BAA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing