Tojik-qirg‘iz mojarosi: tomonlar shoshilinch choralar ko‘rish uchun ishchi guruh tuzadi
Olam
−
30 aprel 2021
9941Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg‘iziston va Tojikiston vakillarining ikki mamlakat chegarasidagi qurolli mojaroni tartibga solish bo‘yicha uchrashuvi to‘g‘risida xabar berdi.
"Tomonlarning tegishli organlari xodimlari orasidan tuzilgan kelishuvlarning bajarilishini nazorat qilish va davlat chegarasidagi vaziyatni keskinlashtirish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rish uchun ishchi guruh tuzishga qaror qilindi", deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat Sug‘d va Botken viloyatlarining chegara hududlarida jangovar harakatlarni to‘xtatish, shuningdek chegaradan qo‘shin va texnikalarni chiqarishga kelishib olgan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti – “Golovnaya” oldida ko‘prik qurish harakatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Tojikiston tomoni “Golovnaya” suv taqsimlash punkti yonidagi elektr ustuniga videokameralar o‘rnatishni boshlagan. Bundan norozi bo‘lgan qirg‘izlar kameralarni olib tashlashni so‘ragan. Shu bilan 28 aprel kuni ikki tomon o‘rtasida dastlab, og‘zaki haqorat va aytishuvlar so‘ngra, bir-biriga tosh otish boshlangan.
Keyinchalik mojaroga ikki tomon chegara qo‘shinlarining aralashuvi oqibatida toshbo‘ron otishmaga aylanib ketdi. Vaziyatning keskinlashishi ortidan ikki mamlakat chegara tomon qo‘shimcha harbiy bo‘linmalar yubordi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi. Bishkekda esa botkenliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun namoyish boshlandi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ikki qo‘shni respublika chegarasidagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
LiveBarchasi