“Total qarshilik ko‘rsatamiz”. Ukraina Bosh shtabi fuqarolarini Rossiyaga qarshi urushga chaqirdi
Olam
−
03 mart 2022
8213Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabi fuqarolarni Rossiya armiyasiga “to‘liq qarshilik ko‘rsatish”ga chaqirmoqda. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Birinchi maqsad - Rossiya qo‘shinlarining ortdan kelayotgan kalonnalarini yo‘q qilish. Ukraina bosqinchilarga to‘liq qarshilik ko‘rsatishga o‘tmoqda. Vaqtinchalik bosib olingan hududda bo‘lgan fuqarolarga murojaat qilamiz. Siz Ukraina Qurolli Kuchlariga yordam bera olasiz!”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Bosh shtab Rossiya Qurolli Kuchlarini moddiy-texnik ta’minotdan mahrum qilish zarurligini urg‘ulagan.
“Agar sizning aholi punktingizdan Rossiya zirhli texnikalari karvoni o‘tgan bo‘lsa, uning ortidan yoqilg‘i, o‘q-dorilar va oziq-ovqat kolonnasi ham o‘tadi. Zirhli transport kolonnasini o‘tkazib yuboring. Uni bizning armiyamiz kutib oladi. Ortdan kelayotgan kolonnalarni esa yo‘lida to‘siqlar yarating. Harakatilanishlariga yo‘l qo‘ymang. Kolonnalar harkatini kechiktiring yoki ularni yo‘q qiling. Ular yaxshi qo‘riqlanmaydi va jangovar tajribaga ega bo‘lmagan otryad boshqaradi”, deya Bosh shtab Ukraina fuqarolariga chaqiriq bilan chiqqan.
Harbiylar fuqarolarga ov qurollari, molotov kokteyllari hamda barcha mavjud vositalardan foydalanishni tavsiya etgan.
“O‘q-dorilarsiz tank - traktor. Yoqilg‘isiz - bu quruq temir uyumidir. Oziq-ovqatsiz esa dushmanlar taslim bo‘lishadi”, deya urg‘ulangan shtab xabarida.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi