“Omikron” qaytargan cheklovlar, yashirilayotgan qizlar homiladorligi, deputatlarni ogohlantirgan G‘iyosov – yangiliklar dayjesti
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
7437Jamiyat
Rasman: haydovchilarga quloqchin orqali telefondan foydalanishga ruxsat berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, haydovchilar transportni boshqarishda telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarini ishlatmasdan gaplashish imkonini beradigan uskunalar orqali foydalanishi mumkin.
Haydovchilar “prava”siz harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Qachondan?
O‘zbekistonda haydovchilarga biometrlik pasport yoki ID-kartasi bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik haqidagi va boshqa hujjatlarni o‘zi bilan olib yurmaslikka ruxsat beriladi. Bu haqda “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda belgilangan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi quyidagi tahrirda to‘rtinchi qism bilan to‘ldirildi:
“Agar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari yoki konsullik muassasalari tomonidan berilgan biometrik pasport yoki identifikatsiya ID -kartasi bo‘lsa, haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, uning egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi, transport vositasi egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisini o‘zi bilan olib yurish talab etilmaydi”.
Fuqaro Toshkent hokimligiga 250 ming dollarli Mercedes sovg‘a qildi
Fuqaro Toshkent shahar hokimligiga bozor narxi 250 ming dollarlik avtomobil sovg‘a qildi. Bu haqda poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarorida aytib o‘tilgan.
“Toshkent shahar hokimligi ishlar boshqarmasi va fuqaro Latipova Ziyoda Bahromovnaga tegishli Mercedes Benz S500 Hybrid rusumli, davlat raqami 01M798NV bo‘lgan qora rangli yengil avtotransport vositasini Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga ixtiyoriy ravishda beg‘araz (tekinga) berish haqidagi taklifi ma’qullansin”, deyiladi hokim qarorida.
11 mamlakatdan O‘zbekistonga kelganlar majburiy karantinga olinadi
Dunyo bo‘ylab koronavirusning yangi “omikron” shtammi keng tarqalayotganini inobatga olib, O‘zbekistonga ayrim xorij davlatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar majburiy karantinga olinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar belgilangan.
O‘zbekistonda Yangi yilni ko‘chaga chiqmay, uyda nishonlash tavsiya qilinmoqda
O‘zbekistonda Yangi yil bayramini oila davrasida, uyda nishonlash tavsiya etilmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqda alohida bayonot bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va mamlakat hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartiblar belgilangan.
Turin talabasining o‘limi tafsilotlari ma’lum qilindi
Avvalroq Turin politexnika universitetining 18 yoshli talabasi bir musht tushirilishi oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik.
“Tezkor xabarlar” informatsion dasturining ma’lum qilishicha, ushbu hodisa yuzasidan Ichki ishlar organlari xodimlari tezkor surishtiruv ishlarini olib borgan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 25 noyabr kuni soat 12:30 larda Turin politexnika univrsitetining hovlisida o‘zaro kelishmovchiligi bo‘lgan S. va M. qo‘l berib ko‘rishib, yarashgan vaqtda ular bilan bir kursda o‘qiydigan S. yarashib olganligini so‘ragan. Bu orada esa jabrlanuvchi Sh.R. kelib, S. ismli shaxsga arashlashmasligini aytgan.
O‘zbekistonda qancha voyaga yetmagan qiz homilador bo‘lib qolgani nega yashirilyapti? Vaziyat shu qadar jiddiymi?
Joriy yilning 29 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotini eshitishga bag‘ishlangan yig‘ilishida QALAMPIR.UZ Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovadan 2021 yil O‘zbekistonda qancha voyaga yetmagan qiz ona bo‘lgani haqida so‘radi.
“O‘zbekiston erta tug‘ruq bo‘yicha 200 ta mamlakat ichida 150-o‘rinlarda turadi. Lekin bu degani bizda bu holatlar bo‘lmaydi, kuzatilmaydi degani emas. Erta tug‘ruq va erta turmush nafaqat SSVda balki Senatda ham alohida o‘rganiladi. Men bu borada bir necha bor axborot ham berganman. Rostini aytsam, hozir aniq raqam esimda yo‘q”, deb javob berdi Elmira Bositxonova.
Shu o‘rinda, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Bositxonovaning javobiga qo‘shimcha ravishda o‘zida tegishli statistikalar borligini ochiqladi. QALAMPIR.UZ statistika ma’lumotlarini olish maqsadida Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bilan bog‘lanib, qo‘mita raisi Malika Qodirxonova berishni aytgan ma’lumotlarni so‘radi. Qo‘mitadan telefon orqali javob bergan shaxs, bu masalada Malika Qodirxonova bilan gaplashgani, ammo qo‘mitada erta tug‘ruq haqidagi ma’lumotlar bo‘lsa-da, bu statistikani bera olmasligini ma’lum qildi.
G‘iyosov tenglik, Rizayev daxlsizlik deydi. O‘zi nima gap?
Bugun, 1 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosovning deputatlar daxlsizligi yo‘l harakati qoidasini buzish uchun sabab bo‘la olmasligi haqida aytgan gaplari tarqaldi. U videoda deputatlar ham oddiy odam kabi yul harakati qoidalariga amal qilmasa, javobgarlikka tortilishini eslatib quygan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev Facebook sahifasida Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovni deputatlarga tahdid qilishda aybladi.
“IIV matbuoti boshlig‘idan javob kutaman. Kim “GAI”larga topshiriq berish vakolatini bergan, qaysi qonun? Bu xodim vakolatidan chiqmaganmi? G‘iyosovni vaziriga shaxsan talab qo‘yaman, bu tahdid. Kim haqida gapiryapman, deb o‘ylayapsizmi, mas’ul vazifadagi odam? “Pogon”ni hammayam ko‘tarolmaydi...”, deya post qoldirgan Navro‘z Rizayev o‘zining Facebook sahifasida.
Olam
AQSHdagi maktabda o‘quvchi otishma uyushtirdi
Kecha, 30 noyabr kuni AQSHning Michigan shtati, Oksford shahridagi maktabda sodir bo‘lgan otishmada uch kishi halok bo‘ldi, sakkiz kishi jarohatlandi. Bu haqda politsiya xabar bergan.
Maktabdagi otishma seshanba kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyat haqida signal olganidan besh daqiqa o‘tgach, hujumchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan, u qurolni tushirgan va taslim bo‘lgan. O‘q otgan 15 yoshli maktab o‘quvchisi bo‘lib chiqqan, u yarim avtomatik to‘pponcha bilan qurollangan bo‘lgan.
“Omikron” nechta davlatga kirib borgani aytildi
Yangi koronavirusning “omikron” shtammi hozirgacha 20 ta davlatda aniqlangan, jami 226 ta infeksiya holati qayd etilgan. Bu haqda AQSH Milliy allergik va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchi ma’lum qildi.
“Kechagi holatga ko‘ra, 18 mamlakatda 205 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Bugun ertalab bu raqamlar 20 ta davlatda 226 ta holatga ko‘tarildi”, degan u kecha, 30 noyabr kuni.
Myanmaning 76 yoshli sobiq rahbari 100 yilga qamalishi mumkin
Joriy yilning 1 fevralidagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng hibsga olingan Myanmaning sobiq rahbari Aun San Su Chji agar sud unga qo‘yilgan barcha ayblarni tasdiqlasa, jami 100 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, kecha, 30 noyabr kuni Aun San Su Chjiga korrupsiya ayblovi qo‘yilgan va unga nisbatan hukm o‘qilishi kutilgan, biroq sud hech qanday izohsiz 6 dekabrga qoldirilgan.
Ta’kidlanishicha, 76 yoshli Aun San Su Chjiga hozirda 10 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Xususan, Myanma Britaniya mustamlakasi bo‘lgan yillarda qabul qilingan davlat sirlarini oshkor etmaslik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun ham sobiq rahbarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayblovlarning asosiy qismi korrupsiya hamda vertolyot sotib olishda davlat mablag‘larini o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Qolaversa, Aun San Su Chji 600 ming dollar pora va tilla taqinchoqlarni olganlikda ham ayblanmoqda.
"Omikron” global iqtisodiyot tiklanishini shubhaga qo‘ydi – Putin
Koronavirusning “omikron” shtammi tarqalishi oqibatlarining jiddiyligi yaqin haftalarda aniq bo‘ladi, ammo u allaqachon global iqtisodiyotning tiklanish sur’atlarini shubha ostiga qo‘ydi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “VTB kapitala” forumida gapirgan.
Shu munosabat bilan u hukumatga harakatlar rejasini yangilash bo‘yicha topshiriq bergan va yana jahon hamjamiyatini kuchlarni birlashtirishga chaqirgan.
“Yaqin haftalarda yangi shtammning oqibatlari qanchalik jiddiy ekanligi ma’lum bo‘ladi. Biroq, virusning har qanday o‘zgarishiga tayyor bo‘lish kerakligi aniq. Hukumatdan bir hafta ichida koronavirusning yangi shtammining tarqalish xavfi bilan bog‘liq yangilangan chora-tadbirlar rejasini tayyorlashni so‘rayman”, degan Putin.
Sport
Chimayev UFC’da qaysi mamlakat nomidan ishtirok etishini ma’lum qildi
Yarim o‘rta vazn toifasida yengilmas UFC jangchisi Hamzat Chimayev (10-0) qaysi davlat vakili ekanligi haqida aytib o‘tdi.
“Men Rossiya vakiliman deyishim mumkin. Chunki har bir chechen Rossiya pasporti bilan yuradi. Rossiyadagi barcha millatlar bir xil pasportga ega. Men dunyo odamiman. Nima uchun, “u chechen”, “u rus”, deb aytishimiz kerak. Bayroq bilan chiqmasligimning sababi bor. Bayroqlar o‘zgaradi. Masalan, SSSRda bitta bayroq bor edi, endi Rossiyaniki umuman boshqacha. Biroq odamlar o‘zgarmaydi. Men barcha yaxshi insonlar tomonidaman”, deydi Chimayev.
Levandovskiga “Oltin to‘p” topshirilishi mumkin
“France Football” jurnali bosh muharriri Paskal Ferret nashr 2020 yilgi “Oltin to‘p” marosimini bekor qilish haqidagi qarorni qayta ko‘rib chiqishi va sovrinni “Bavariya” hujumchisi Robert Levandovskiga topshirishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Biz bu haqda o‘ylashimiz mumkin, lekin shu bilan birga ovoz berishga asoslangan “Oltin to‘p” tarixini hurmat qilishimiz kerak. O‘tgan yili Levandovski “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritganiga ishonchimiz komil emas. Chunki ovoz berish bo‘lmagan. Ammo o‘tgan yili Levandovskida ajoyib imkoniyat bo‘lardi”, deydi Ferret.
“Liverpul” braziliyalik Jahon chempioni bilan shartnoma imzoladi
Angliyaning “Liverpul” jamoasi darvozabonlar bilan ishlovchi braziliyalik Klaudio Taffarel bilan shartnoma imzoladi. Bosh murabbiyi Yurgen Klopp esa Taffarelni taklif qilish sabablari haqida gapirdi.
“Biz jamoada darvozabonlar falsafasini yaratmoqchimiz, chunki futbolda darvozabon pozitsiyasiga alohida ahamiyat kasb etadi. Alison bilan ham suhbatlashdik, murabbiylar shtabimizni Taffarel bilan kuchaytirish orqali bunga yechim topdik. O‘ylaymizki, bu taklif ko‘p narsaga yangicha qarashga imkon beradi”, deydi Klopp.
LiveBarchasi