“Tolibon” Afg‘oniston hududida ISHIDni yo‘q qilishga va’da berdi

Olam

image
“Tolibon” va Kobul vakillari Tehronda uchrashdi. Tomonlar nimaga kelishdi? north_east

“Tolibon” va Kobul vakillari Tehronda uchrashdi. Tomonlar nimaga kelishdi?

ISHID terrorchilik guruhining Afg‘oniston hududida faoliyat olib borishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni Moskvada bo‘lib turgan “Tolibon” harakati delegatsiyasi rahbari Shohabuddin Delaver matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biz ISHID harakatining Afg‘oniston hududida hech qachon faoliyat yuritmasligi uchun barcha choralarni ko‘ramiz”, deydi Delaver.

“Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Sohail Shohinning ta’kidlashicha, harakat mamlakat shimoli hamda sharqida ISHID bilan muvaffaqiyatli kurashgan va kurashib kelmoqda.

Shohinning ta’kidlashicha, toliblar AQSHga Afg‘oniston viloyatlarining ma’muriy markazlarini egallamaslik xususida va’da bermagan.

“Viloyat ma’muriy markazlariga hujum qilmasligimiz borasida AQSH bilan muzokara va kelishuvlarda qayd etilmagan. Bu bizning ichki masalalarimiz, erishilgan kelishuvlarning mazmuni bilan hech qanday aloqasi yo‘q”, deydi u.

Delaver o‘z navbatida, AQSH hanuzgacha qamoqdagi “Tolibon” vakillarini ozod qilish to‘g‘risidagi kelishuvni bajarmaganini ta’kidlagan.

“AQSH qo‘shinlarini olib chiqish jarayoni kechiktirildi, mahbuslarimizni ozod qilish masalasi ham kechiktirildi, garchi bu ham erishilgan kelishuvlardan biri edi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 iyul kuni “Tolibon” vakillari muzokaralar uchun Moskvaga tashrif buyurdi. Vaholanki, ushbu harakat Rossiyada taqiqlangan tashkilot hisoblanadi. 

Toliblar Moskvaga qilgan tashrifi davomida bir qator bayonotlar berdi. Xususan, ular maqsadi — “erkin Islomiy Davlat tizimi”ni yaratish ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, harakat vakillari Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi. Bundan  tashqari, “Tolibon” ayni vaqtda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilishini aytib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi bir necha oy davomida Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. “Tolibon” harakati mamlakatning 85 foizini o‘z nazoratiga olganini da’vo qilgandi. Ayni vaqtda Afg‘oniston rasmiylari ushbu ma’lumotni rad etgan. Qayd etish kerakki, Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi qo‘shni davlatlarni ham xavotirga solmoqda. Jumladan Eron, Turkmaniston, O‘zbekiston va ayniqsa Tojikiston Afg‘onistondagi keskinlikdan bezovta. Tojikistonga Afg‘oniston hududidan nafaqat harbiylar, balki tinch aholining ham qochib o‘tish holatlari kuzatildi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Moskva “Tolibon”

Baholaganlar

242

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing