Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuv Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun uyushtirildimi?

Olam

image

Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida qurolli mojaroning boshlanishi Rossiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazish uchun atayin tashqi ta’sir bilan uyushtirilgani noto‘g‘ri fikr. Kreml vakili, Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday fikr bildirdi.

Peskov jurnalistlarning Kreml Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro Belarusdagi namoyishlar va Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyatdan keyin Rossiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazish uchun tashqaridan uyushtirilgani versiyasini ko‘rib chiqmayaptimi degan savoliga “Yo‘q, ko‘rib chiqmayapti”, deb javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da qurolli to‘qnashuvlar avj ola boshlagandan keyin Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiya ozar xalqining yonida bo‘lishini ma’lum qildi

So‘ngra Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga qo‘ng‘iroq qilib, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi va vaziyatdan tashvishdaligini bildirdi

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

274

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing