Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy to‘qnashuvlar qancha harbiyning “yostig‘ini quritgani” aytildi
Olam
−
28 Sentabr 2020
31301Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarda 550 nafar Armaniston harbiysi o‘ldirilgan. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Shuningdek, mudofaa idorasining ma’lum qilishicha, Armaniston Qurolli kuchlarining 22 ta tank va boshqa og‘ir texnikalari, 15 ta “OSA” zenit-raketa majmuasi, 18 ta dron, 8 ta artilleriya va 3 ta qurol-yarog‘ ombori yo‘q qilingan.
Rasmiy Baku o‘zining yo‘qotishlariga aniqlik kiritmagan.
Armaniston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 200 nafar ozarbayjonlik askar halok bo‘lgan. Bundan tashqari, 30 tank va zirhli texnikalar hamda 20 ta dron yo‘q qilingan.
Ma’lumot uchun, Armaniston va Ozarbayjon harbiylari o‘rtasida Tog‘ri Qorabog‘dagi qarama-qarshilik nuqtasida kecha, 27 sentyabr kuni ertalab to‘qnashuvlar boshlandi. To‘qnashuvning yuz berishida ikki tomon ham bir-birini aybladi.
Hodisaga munosabat bildirgan Rossiya har ikki mamlakatdan qurolli to‘qnashuvlarni to‘xtatishni so‘ragan edi. Turkiya esa, aksincha, bu to‘qnashuvda Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilib, Armanistonni provakatsiyada, Minsk guruhini esa 30 yildan beri bu masalaga ko‘z yumib kelishda aybladi. Shuningdek, rasmiy Tehron va NATO ham tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirgandi. O‘zbekiston esa MDHga rais mamlakat sifatida taraflarning harakatlaridan tashvishdaligini bildirib, ularni vazminlikka chaqirdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp tilga kirib, holatni kuzatayotganini va unga biror ta’sir o‘tkaza olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi.
Eslatib o‘tamiz, bugunning o‘zida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, zudlik bilan sulh tuzishni taklif qildi.
LiveBarchasi