Kavkazda tinchlikka kim qarshi?

Tahlil

Ma’lumki, joriy yilning 7 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri devoni tinchlik shartnomasi tuzilishi haqida qo‘shma bayonotni e’lon qildi. Bu ikki mamlakatning 30 yildan so‘ng ilk bor til topishishi va Kavkazda kutilgan tinchlikka erishishga bir qadam qolganini anglatadi. 

Hujjatda aytilishicha, Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi mintaqada uzoq kutilgan tinchlikka erishish uchun tarixiy imkoniyat yaratildi, degan fikrda. Ikkala davlat ham munosabatlarni normallashtirish, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillarini hurmat qilish asosida tinchlik shartnomasiga erishish niyatini tasdiqlaydi.

Insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda va xayrixohlik belgisi sifatida Ozarbayjon 32 nafar arman harbiy xizmatchisini, o‘z navbatida, Armaniston ham 2 nafar ozarbayjonlik harbiy xizmatchini ozod qildi.

Xo‘sh, Kavkazda tinchlik istagan va istamagan, yillar davomida Armanistonning bosib olish siyosatini ham ma’nan, ham qurol bilan qo‘llab kelgan davlatlar, jahon hamjamiyati bu bayonotni qanday qabul qilyapti? 

Ma’lumki, Kavkaz muammosi, Qorabog‘ mojarosining olov olishi, yillar davomida hal etilmay kelishida Minsk uchligi nomi bilan bu muammoni hal etishi kerak bo‘lgan AQSH, Rossiya, Fransiya va Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi, BMT kabi tuzilmalarning ulushi katta. Ta’bir joiz bo‘lsa, toki qon to‘kilib, Ozarbayjon o‘ch olib, o‘z yerlariga ega chiqmagunigacha tashkilotlar ham, davlatlar ham qo‘l qovushtirib o‘tirdi. 2021 yilda boshlanib, 44 kun davom etgan ozar-arman urushida Qorabog‘ning katta qismi egallanib, u yerdagi aholining o‘zaro tinchligini himoya qilish uchun Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari joylashtirilishi bilan natijaga erishilgan bo‘lsa, endi o‘sha kuchlarga ham ehtiyoj qolmadi. 2023 yilning sentyabr oyida Ozarbayjonning bor-yo‘g‘i bir necha kun davom etgan qarshi hujumi natijasida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tugatildi, Qorabog‘ butkul egallanib, tarixiy adolat qaror topdi. 

Endi esa Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi asosiy masala – o‘zaro hududiy yaxlitlikni va suverenitetni tan olish, tinchlikka erishish. Bu bo‘yicha kuni kecha bosilgan qadam dunyo davlatlarida qanday kayfiyatni uyg‘otmoqda? 

Bu bo‘yicha birinchi bayonot AQSHdan berildi. Qo‘shma Shtatlar Armaniston va Ozarbayjonning mahbuslar almashinuvi haqidagi e’lonini olqishlab, tomonlar tinchlik bitimini imzolash va munosabatlarni normallashtirish ustida ishlayotgan paytda buni “ishonchni mustahkamlash uchun muhim qadam” deb atadi. 

“Biz Ozarbayjon Prezidenti [Ilhom] Aliyev va Armaniston Bosh vaziri [Nikol] Pashinyanning Janubiy Kavkaz xalqi uchun tinch va farovon kelajak poydevorini qo‘yish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz”, deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Mettyu Miller.

Uning bayonotida qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar mustahkam va munosib tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov yoki boshqa amaldorlar Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining qo‘shma bayonotiga nisbatan munosabat bildirganicha yo‘q. Yagona munosabat Federatsiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova tomonidan berildi. Uning bildirishicha, Moskva qo‘shma bayonotni ijobiy baholaydi. 

“Moskva Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri devonining ikki davlat o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish va tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha o‘zaro niyatlarini tasdiqlovchi Qo‘shma bayonotini mamnuniyat bilan qabul qildi”, deydi diplomat. 

Uning ta’kidlashicha, Moskva transport kommunikatsiyalarini blokirovkadan chiqarish, chegarani delimitatsiya qilish, tinchlik shartnomasini tuzish va fuqarolik jamiyati orqali aloqalar o‘rnatishda har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyor.

“Biz Baku va Yerevan o‘rtasidagi Armaniston va Ozarbayjon harbiylarini ozod qilish bo‘yicha kelishuvni olqishlaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan Zaxarova. 

Qo‘shma bayonotda Armaniston Ozarbayjon nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP-29) ishtirokchilari konferensiyasining 29-sessiyasiga mezbonlik qilish uchun o‘z nomzodini xayrixohlik sifatida qaytarib olishi, Ozarbayjon esa xayrixohlik namunasi sifatida Sharqiy Yevropa guruhidan Armaniston Respublikasining COP Byurosi a’zoligiga nomzodini qo‘llab-quvvatlashi aytilgan. Mariya Zaxarova ushbu masalaga to‘xtalib, Moskva buni alohida olqishlashini urg‘ulagan. 

Ozarbayjonning Qorabog‘ni qaytarib olishida ham ma’nan, ham harbiy dastak bergan Turkiya ham munosabat berishdan chetda qolgani yo‘q. 

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan bayonotda aytilishicha, Anqara Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlarni olqishlaydi va tinchlik shartnomasining tezroq imzolanishi tarafdori.  

“Ozarbayjon Prezidenti Administratsiyasi va Armaniston Bosh vaziri devonining qo‘shma bayonotida e’lon qilingan ikki davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bo‘yicha aniq qadamlar qo‘yish qarorini olqishlaymiz hamda ushbu yo‘nalishda qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirish qarorini qo‘llab-quvvatlaymiz. 

Biz Janubiy Kavkazda mustahkam tinchlik va barqarorlikni o‘rnatishning eng muhim asoslaridan biri sifatida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida ertaroq tinchlik shartnomasi imzolanishi tarafdorimiz”, deyiladi bayonotda.

30 yil davomida Armanistonning Ozarbayjon tuproqlarini egallab olishi va u yerda qirg‘inni amalga oshirishiga tukini ham qimirlatmay kelgan va o‘t ochishni to‘xtatish, muzokaralar stoliga qaytish chaqiriqlaridan boshqa narsaga yaramagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu safar o‘zaro tinchlikka erishish yo‘lidagi qadamni olqishlab chiqdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning rasmiy vakili Stefan Dyujarrikning aytishicha, Bosh kotib Ozarbayjon va Armanistonning munosabatlarni normallashtirish niyati haqidagi qo‘shma bayonotini olqishlaydi va bu uzoq muddatli tinchlikni ta’minlashga xizmat qilishiga umid qiladi.  

Tinchlik shartnomasini tuzishda muhim o‘rin tutayotgan Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel esa tomonlar qabul qilgan bayonot haqida quyidagicha fikr bildirdi: 

“Biz qo‘shma bayonot e’lon qilinishi munosabati bilan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalarda katta siljishni olqishlashdan mamnunmiz. Xususan, biz hibsga olinganlarning ozod etilishi va siyosiy muloqotning misli ko‘rilmagan ochilishini olqishlaymiz”, deb yozgan Yevropa kengashi prezidenti. 

Yevropa diplomati tomonlarni imkon qadar tezroq tinchlik bitimini tuzishga chaqirdi: 

“Tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama muloqotni yo‘lga qo‘yish va chuqurlashtirish Yevropa Ittifoqi boshchiligidagi Bryussel jarayonining asosiy maqsadi edi. Bugungi taraqqiyot asosiy qadamdir. Endi men Armaniston va Ozarbayjon rahbarlarini imkon qadar tezroq tinchlik bitimini tuzishga chaqiraman”, deydi u. 

Qorabog‘ muammosini hal etish bo‘yicha 1992 yilda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshida tashkil etilgan Minsk guruhining hamraisi Fransiya yillar davomida mojaroni hal etish o‘rniga, olovga moy sepishga urinib kelmoqda. Ayni vaqtga qadar rasmiy Parij Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining qo‘shma bayonotida nisbatan munosabat bildirgani yo‘q. Aksincha, so‘nggi vaqtlarda Fransiyaning Armanistonga qurol-yarog‘ yetkazib berayotgani haqidagi rasmiy xabarlar ortgan, Fransiya parlamentida esa Ozarbayjonga qarshi hujjatlar qabul qilish an’anaviy tus olgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing