Kichkina demang bizni... Aliyev AQSHga shart qo‘ydi
Olam
−
28 noyabr 2023
30457Vashingtonning Baku bilan bog‘liq so‘nggi bayonotlari va qadamlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy putur yetkazmoqda. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali suhbatda so‘z ochdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bergan.
“Telefon muloqoti chog‘ida Prezident Ilhom Aliyev AQSHning Ozarbayjonga nisbatan so‘nggi bayonotlari va qadamlari Ozarbayjon-Amerika munosabatlariga jiddiy zarar yetkazganini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.
Xususan, Aliyev 15 noyabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan tinglovda Davlat kotibi yordamchisi Jeyms O'Brayen tomonidan bildirilgan fikrlar noxolis bo‘lgani, haqiqatni aks ettirmagani va Ozarbayjon tomonidan rad etilganini bildirgan. U, shuningdek, Baku Amerika tomonining ikki tomonlama uchrashuvlar va yuqori darajadagi aloqalarni bekor qilish haqidagi bayonotiga munosib javob berganini va ikki tomonlama munosabatlar avvalgidek bo‘lishi mumkin emasligini qayd etgan.
Ozarbayjon Prezidenti Baku, o‘z navbatida, AQSHga oliy darajadagi tashriflarni bekor qilganini eslatgan.
Xabarda qayd etilishicha, Blinken munosabatlarni normallashtirish uchun AQSH Davlat kotibi yordamchisi Jeyms O'Brayenning dekabr oyida Ozarbayjonga tashrif buyurishiga ruxsat so‘ragan.
“Prezident Aliyev ushbu tashrifdan so‘ng, Ozarbayjonning yuqori martabali amaldorlarining AQSHga tashrifiga qo‘yilgan asossiz taqiq bekor qilinishi sharti bilan rozilik berdi. Davlat kotibi Blinken bu [shartni] qabul qildi”, deyiladi xabarda.
Aliyev, shuningdek, joriy yilning 11 sentyabrida Yerevanga taqdim etilgan ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matni bo‘yicha Ozarbayjon takliflariga Armaniston javobini 70 kunga kechiktirib kelayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu arman tomoni muzokaralar jarayonini kechiktirish uchun tinchlik shartnomasi matnidan foydalanayotganini ko‘rsatadi.
Suhbat chog‘ida Aliyev va Blinken Ozarbayjon va Armaniston komissiyalarining 30 noyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bo‘yicha yig‘ilishi yuzasidan ham fikr almashgan.
Ozarbayjon-Amerika munosabatlaridagi keskinlik
15 noyabr kuni AQSH Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Jeyms O'Brayen Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasining tinglovida Qo‘shma Shtatlar Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik o‘rnatishda muvaffaqiyatga erishilmagani uchun Ozarbayjon vakillarining bir qator oliy darajadagi tashriflarini bekor qilganini aytgan. Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlar Ozarbayjonga harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishni to‘xtatganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Bakuga Armaniston bilan tinchlik muzokaralarida oldinga siljish bo‘lmaguncha ikki tomonlama munosabatlar normallashmasligiga ishora qilgan.
O‘z navbatida, Baku AQSHning yuqori martabali amaldorlarining mamlakatga tashrifini Vashington pozitsiyasi tufayli imkonsiz deb bilishini bildirdi. Bundan tashqari, Ozarbayjon tomoni Vashingtonda Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari darajasida 20 noyabrga belgilangan uchrashuvda ishtirok etishdan bosh tortdi.