Yaqinlashayotgan “omicron”, qochoq Poroshenko, o‘g‘lini o‘ldirgan vahshiy ota – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
18 dekabr 2021
9026Jamiyat
Monopoliyalarning mutlaq huquqlari bosqichma-bosqich bekor qilinadi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Prezidentning “Raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati yo‘nalishlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ydi.
Hujjat bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
• aeroportlar, yo‘l qurilish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, issiqlik ta’minoti, neft mahsulotlarini sotish va boshqa sohalardagi korxonalarning davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga sotilishi;
• rangli metallarning parchalari va chiqindilarini sotib olish, qayta ishlash, sotish va tayyorlash faoliyati bilan xususiy sektor shug‘ullanishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Toshkentda tanishining nomaqbul foto va videolarini tarqatmaslik uchun pul talab qilgan yigit ushlandi
Joriy yilning 14 dekabr kuni Toshkentda fuqaroning sha’niga putur yetkazadigan foto va videolarni ijtimoiy tarmoqqa tarqatmaslik uchun undan pul talab qilgan yigit ushlandi.
Tergov departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 14 dekabr kuni Namangan viloyatida yashovchi 27 yoshli A.I. Yakkasaroy tuman IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda 2021 yil 11 dekabr kuni 21 yoshli J.Z. uni sha’niga putur yetkazadigan foto va video tasvirlarni Instagram’ga joylashtirmaslik evaziga 5 000 000 so‘m miqdorida pul talab qilayotganini va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Chilonzor hokimligi maoshini ololmagan TOB xodimlari ishi bo‘yicha ma’lumot berdi
Avvalroq Chilonzor tumanida Obodonlashtirish boshqarmasi (TOB) xodimlariga maosh to‘lash kechiktirilayotganligi sababli ular hokimlik oldiga yig‘ilgani haqida xabar bergan edik.
TOB xodimlarining noroziligi yuzasidan tuman hokimi Shavkat Mavlonov xodimlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazgan. Bu haqda tuman hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot jarayonida ishchi xodimlarning dekabr oyi avans maoshlari kechiktirilayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Tuman moliya bo‘limi tomonidan bildirilgan izohga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining 04.01.2021 yildagi 1-son va Toshkent shahar Moliya bosh boshqarmasining 06.02.2021 yildagi 41-sonli buyruqlariga ko‘ra, mahalliy byudjetdan moliyalashtiriladigan 1-darajali maosh oylik to‘lovlari har oyning 20-sanasiga qadar to‘liq moliyalashtirilishi mumkinligi asos qilingan.
Samarqandda bir yoshga ham to‘lmagan o‘g‘lini o‘ldirgan ota uzoq muddatga qamaldi
Samarqandda shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bilan janjal sabab bir yoshga ham to‘lmagan farzandini o‘ldirgan ota uzoq muddatga qamaldi. Bu haqda “Yangi Davr” informatsion dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahrida erkak va uning shar’iy nikohidagi xotini ijarada yashashgan.
Qotillik bo‘lgan kuni ayol va sudlanuvchi erkak o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Ayol erining aytganini qilmagani uchun sudlanuvchi uning qo‘lidagi 1 yoshga to‘lmagan bolani olib, uning boshi bilan yerga bir necha marta urgan.
Olam
Rossiya nega Belarusni qo‘llab-quvvatlaydi? Peskov javob berdi
Agar Belarus Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, u yerda vaziyat Ukrainadagidan ham yomonroq bo‘lar edi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidladi.
“U (Aleksandr Lukashenko, Belarus Prezidenti — tahr.) hozir ulkan xalqaro bosim ostida ekanligini unutmang. Belarus esa, haqiqatan ham, juda va juda tajovuzkor xatti-harakatlar qurboniga aylanib bormoqda. Bizning borligimiz belaruslar uchun omad. Ishonchim komilki, belaruslar biz bilan yaqin ekanligidan baxtiyor va bizning yaqin ekanligimiz ularga nisbatan bu tajovuzkor munosabatga qarshi turishga yordam beradi”, degan Peskov.
Tergovga chaqirilgan Poroshenko Ukrainadan “quyon bo‘ldi”
Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko, Davlat tergov byurosi (DTB) o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Dnepr va Lugansk xalq respublikalari hududidan ko‘mir yetkazib berish ishi bo‘yicha so‘roqqa chaqiruv qog‘ozini topshirishga harakat qilganda mamlakatni tark etdi. Poroshenko kecha, 17 dekabr kuni mamlakatni tark etganini u rahbarlik qilayotgan “Yevropa birdamligi” partiyasi matbuot xizmati tasdiqladi.
DTBga ko‘ra, Poroshenko Oliy Rada binosi yonida unga chaqiruv qog‘ozini topshirishga urinishlariga e’tibor bermay, “noma’lum tomonga ketgan”.
Ushbu ish Ukraina Jinoyat kodeksining 258-3-moddasining 1-qismi ("terroristik tashkilot tuzish"), 258-5-moddasining 1 va 3-qismi ("Terrorizmni moliyalashtirish) va 111-moddasining 1-qismi (Davlatga xiyonat) bo‘yicha ko‘rib chiqilyapti.
Rasman: Rossiya Ochiq osmon shartnomasidan chiqdi
Rossiya bugun, 18 dekabr kuni Ochiq osmon shartnomasidagi ishtirokini rasman to‘xtatdi va shu tariqa ushbu shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni bekor qildi. Bu qaror Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan.
Bir necha oy oldin Rossiya shartnomada ishtirok etuvchi qolgan davlatlarni bu haqda ogohlantirgan edi.
“Ushbu qadam shartnoma asosida tuzilgan, bizning mamlakatimiz va Belarusni o‘z ichiga olgan a’zo davlatlar guruhidan bir vaqtning o‘zida chiqishni nazarda tutadi”, deyiladi TIV bayonotida.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Rossiya “AQSH, uning ittifoqchilari va mijozlari tomonidan Ochiq osmon shartnomasi qoidalari ko‘plab buzilishiga qaramay” kelishuvni saqlab qolish uchun hamma narsani qildi.
Moskvada o‘zbekistonlik stomatolog o‘ldirildi
Moskvada norozi mijoz tomonidan pichoqlangan o‘zbekistonlik stomatolog vafot etdi. Bu haqda prokuratura xabarida ma’lum qilingan.
“41 yoshli jabrlanuvchi shifoxonada vafot etdi”, deyiladi prokuratura xabarida.
Voqea joriy yilning 13 dekabr kuni Yujniy Medvedkovodagi xususiy klinikada sodir bo‘lgan. Erkak shifokor, 41 yoshli Jamol Odilovning tish davolash usulini yoqtirmagan, natijada u pichoq chiqarib, tish shifokorining oshqozoniga tiqqan. Shifokor yaralanib, shifoxonaga yotqizilgan.
Tixanovskaya va uning safdoshlari Buyuk Karl mukofoti sovrindori bo‘ldi
Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya va uning safdoshlari Mariya Kolesnikova hamda Veronika Sepkalo 2022 yilgi nufuzli Buyuk Karl xalqaro mukofoti laureatlari bo‘lishdi. Bu haqda xalqaro mukofotning direktorlar kengashi ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, Tixanovskaya, Kolesnikova va Sepkalo “avtoritar rejim tomonidan asosiy inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashganliklari, shuningdek demokratiya, erkinlik va qonun ustuvorligi yo‘lida kurash uchun” taqdirlanadi. Shu bilan birga, taqdirlash marosimi 2022 yil 26 may kuni Axen shahar meriyasining Toj kiyish zalida bo‘lib o‘tishi ko‘rsatilgan.
“Omicron” tobora yaqinlashmoqda
Bugun, 18 dekabr kuni Ukrainada koronavirusning yangi shtammi “omicron” bilan zararlangan birinchi bemor aniqlandi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Viktor Lyashko xabar bergan.
Qayd etilishicha, mamlakat bo‘ylab yangi shtammning yuqish va tarqalish zanjiri o‘rganilmoqda. Shifokorlar tomonidan bemor bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar nazoratga olingan.
Sport
Talaxadze o‘ziga tegishli rekordlarni yangiladi. Og‘ir atletika bo‘yicha JCH yakunlandi
Kecha, 17 dekabr kuni Toshkentda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatining eng so‘nggi ishtirokchilari (+109 kg) supachaga chiqdi va unda kutilgan vaziyat yuz berdi.
2 karra Olimpiada va 5 karra Jahon chempioni gruziyalik Lasha Talaxadze barcha raqiblarini ortda qoldirib, 5-marta JCH g‘olibligini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda o‘ziga tegishli bo‘lgan dunyo rekordlarini ham yangiladi.
Dast ko‘tarish mashqida Lasha 225 kg avvalgi rekrod (223 kg) toshni o‘ziga bo‘ysundirgan bo‘lsa, siltab ko‘tarish bahslarida 267 kg (265) natija qayd etib, ikkikurashda ham jahon rekordini yangilab qo‘ydi.
Odil Ahmedov o‘zi haqida kitob yozdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq sardori va hozirda Xitoyning “Sanchjou” klubi futbolchisi Odil Ahmedov kitob yozdi. Unda futbolchining faoliyati aks etgan va “Orzuning shonli yo‘li” deb nomlangan.
Bugun, 18 dekabr kuni o‘zbek futbolining yorqin namoyondasi Odil Ahmedov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ijodiy kecha tashkil etiladi. Kechada “Orzuning shonli yo‘li” nomli kitobning taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Murodjon Ahmadaliyev bo‘ydoqlik bilan xayrlashdi
Bugun, 18 dekabr kuni professional boksning super yengil vazn toifasida IBF va WBA chempionlik kamarlari sohibi Murodjon Ahmadaliyev uylandi. 27 yoshli bokschining to‘yi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Bahodir Jalolov Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Baxtli bo‘l, do‘stim. Bayroqni berarsan endi?!” deya yozib qoldirgan Jalolov.
LiveBarchasi