“Titan” suv osti kemasi halokatidan so‘ng barcha ekspeditsiyalar to‘xtatildi
Olam
−
07 iyul 2023 6110 2 daqiqa
Atlantika okeanida “Titan” batiskafining joriy yilning iyun oyida halokatga uchrashi ortidan barcha ekspeditsiyalar to‘xtatildi. Bu haqdagi ma’lumot ushbu suv osti sayohatlarini uyushtiruvchi OceanGate kompaniyasining veb-saytida paydo bo‘ldi.
E’lon birgina gapdan iborat bo‘lib, u saytga qachon joylangani noma’lum. AFP nashri esa xabar chiqarilgan sana sifatida 6 iyul kunini ko‘rsatgan.
“OceanGate barcha qidiruv va tijorat operatsiyalarini to‘xtatdi”, deyiladi unda.
Gap shundaki, “Titan” halokatga uchragani va bortdagi 5 kishi o‘lgani haqidagi xabarlar tasdiqlanganiga qaramay, OceanGate kompaniyasi bunday sayohatlar uchun chiptalar sotishda davom etayotgani va ushbu sayohatlar narxi 250 ming dollar ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Kompaniya bu haqda boshqa ma’lumot bermagan. AQSH va Kanada hukumati esa batiskafdagi odamlar o‘limining sababini tekshirishda davom etmoqda. AQSH qirg‘oq qo‘riqchilarining ta’kidlashicha, batiskaf “halokatli portlash” oqibatida vayron bo‘lgan. Mutaxassislar uning korpusi bosimga bardosh bera olmagani va katta chuqurlikdagi suv bosimi bilan siqilgani haqida aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyun kuni Atlantika okeanining “Titanik” kemasi cho‘kkan qismiga ekspeditsiya uyushtirgan “Titan” suvosti kemasi g‘oyib bo‘lgan edi. Shundan so‘ng yo‘qolgan batiskafda kislorod tugagan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berildi. Keyinroq AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati qidiruv hududidan noma’lum qoldiqlar topilganini ma’lum qildi va batiskaf fojiasi sabablari bo‘yicha rasmiy tergov boshlandi.
Ekipaj a’zolari esa halok bo‘lgani aytilgandi. Keyinroq batiskaf vayronalari orasidan odam qoldiqlari topildi.
Sevara Husniddinova
Live
Barchasi