AQSHning yadroviy suv osti kemasi Koreyaga yetib keldi
Olam
−
24 iyul 2023
9751Amerikaning USS Annapolis atom suv osti kemasi bugun, 24 iyul kuni Janubiy Koreya harbiy-dengiz kuchlarining Jeju shahridagi harbiy-dengiz bazasiga yetib keldi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, suv osti kemasi zaxiralarni to‘ldirish uchun Jejuga kelgan. Shuningdek, Koreya Respublikasi Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi joriy yilda nishonlanayotgan Janubiy Koreya-Amerika ittifoqi tashkil etilganining 70 yilligi munosabati bilan tomonlar mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va turli almashinuvlarni amalga oshirishini bildirgan.
Qayd etish joizki, o‘tgan haftada ham yadroviy qurolga ega strategik suv osti kemasi USS Kentucky Pusan portiga kirgan. Bu hodisa 18 iyul kuni Seulda bo‘lib o‘tgan Koreya Respublikasi-AQSH yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhining birinchi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan. Shundan so‘ng Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol suv osti kemasiga chiqqan.
20 iyul kuni Shimoliy Koreya Mudofaa vaziri Kan Sun Nam USS Kentucky kemasining Pusanga kirishi Pxenyan tomonidan yadro qurolidan foydalanish uchun shart bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Bunga javoban 21 iyulda Janubiy Koreya Milliy Mudofaa vazirligi Pxenyan tomonidan Seul va Vashington ittifoqiga qarshi yadro qurolini qo‘llashi KXDR batamom tugatilishi bilan tahdid qilgan.
Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Jo Bayden va uning janubiy koreyalik mavqedoshi aprel oyida Vashington deklaratsiyasini qabul qilgan, unda oldini olish potensialini namoyish qilish uchun ba’zi qadamlar sanab o‘tilgan. Xususan, Amerikaning ballistik raketalarga ega atom suv osti kemalari, aviatashuvchi kemalari, shuningdek, bombardimonchi parvozlar bilan Koreya Respublikasiga muntazam tashrif buyurishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya joriy yilning 12 iyul kuni “Xvason-18» qit’alararo ballistik raketasini, 19 iyul kuni Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha yana ikkita ballistik raketani, 22 iyul kuni esa Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirgandi. KXDRning BMTdagi doimiy vakili Kim Son Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida raketa sinovlari mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqiga muvofiq amalga oshirilayotganini bildirgan.
LiveBarchasi