Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon yana 2 ta raketa uchirdi
Olam
−
19 iyul 2023
3837Shimoliy Koreya Yapon dengiziga ballistik raketa uchirdi. Bu haqda bugun, 19 iyul kuni “Kyodo” agentligi xabar berdi.
Yaponiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 iyul kuni soat 03:29 va 03:45 atrofida Shimoliy Koreyaning g‘arbiy sohillari yaqinidan sharqiy yo‘nalishda jami ikkita ballistik raketa uchirilgan.
Raketalarning parvoz masofasi taxminan 550 dan 600 kilometrgacha va maksimal balandligi taxminan 50 kilometrga yetgan. Ikkala raketa ham tartibsiz trayektoriyalarda uchgan bo‘lishi mumkin. Yaponiya kemalari va samolyotlariga yetkazilgan zarar haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan.
Aytish joizki, raketa uchirilishi Janubiy Koreya va AQSH Yadro maslahat guruhining ilk yig‘ilishini o‘tkazganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lgan.
Bildirilishicha, hozirda harbiylar uchirilgan raketa turini aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni ham Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In boshchiligida qattiq yoqilg‘i dvigateliga ega “Xvason-18” qit’alararo ballistik raketasi sinovdan o‘tkazilgandi. 13 iyul kuni Jakartada Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi Tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreya tomonidan raketa uchirilishidan xavotir bildirdi va Koreya yarim orolining yadrosizlanishi tarafdori ekanini ma’lum qildi. Janubiy Koreya hukumati Pxenyanga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi.
BMT esa Shimoliy Koreyaning ballistik raketasi Rossiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga qulaganini bildirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlarni rad etdi. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu haqida hech qanday dalil yo‘qligini aytdi. KXDRning BMTdagi doimiy vakili Kim Son Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida uchirishlar mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqiga muvofiq amalga oshirilayotganini aytdi.
LiveBarchasi