Tinchlikdan umid ko‘rmadim – Putin bilan gaplashgan Italiya Bosh vaziri

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, kecha, 26 may kuni Italiya Bosh vaziri Mario Dragi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqotdan so‘ng u jurnalistlar savollariga javob bergan. Bosh vazir Ukrainada tinchlik o‘rnatishdan umid bormi degan savolga “men tinchlik uchun umid ko‘rmadim”, deya javob bergan.

U Putin bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida, birinchi navbatda, Ukrainadan don yetkazib berishning to‘sib qo‘yilishi sababli global oziq-ovqat inqirozi tahdidi haqida gap ketgan. Putin G‘arb cheklovlari bekor qilinsa, dunyodagi oziq-ovqat inqirozini hal qilishga yordam berishini aytgan.

Italiya Bosh vaziri Ukraina portlaridagi donni dunyo bozoriga olib chiqish masalasini Prezident Zelenskiy bilan ham muhokama qilish niyatida.

“Bloomberg”ga ko‘ra, Rossiya va Ukraina jahonda g‘alla ekinlarining asosiy eksportchilari bo‘lib, bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat xalqaro maydonda bug‘doy ta’minoti barqarorligiga tahdid solmoqda.

Global eksportning 30 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Azov va Qora dengizdagi Rossiya bosib olgan ukrain portlari ukrain va rus bug‘doyini xalqaro bozorga eltadigan asosiy eksport marshrutidir.

Rossiya va Ukraina birgalikda yiliga 112 million tonnaga yaqin bug‘doy ishlab chiqaradi. Bu AQSH va Kanada bozorlarining umumiy hajmidan uch barobar ko‘p. Jahon bug‘doy savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i, makkajo‘xori savdosining 20 foizi va kungaboqar yog‘i savdosining 80 foizi mazkur ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.

BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush sababli dunyoda 10 haftaga yetarli bug‘doy qolgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing