Terakt qurbonlari soni yana oshdi
Olam
−
23 mart 2024 13450 2 daqiqa
Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” da sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 115 kishiga yetdi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Krokus Siti Holl” konsert zalidagi terakt sodir bo‘lgan joyda, favqulodda xizmatlar vayronalarni tozalash vaqtida yana ko‘p jasadlar topilgan. Shu tariqa, hozirda halok bo‘lganlar soni 115 kishini tashkil etmoqda”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Tergov qo‘mitasi qidiruv ishlari davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar o‘q jarohatlari va yonish mahsulotlaridan zaharlanish oqibatida halok bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi halok bo‘lganlar orasida bolalar bor-yo‘qligini ochiqlamagan. Avvalroq 3 nafar bola halok bo‘lgani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Rossiya Fideral Xavfsizlik Xizmati (FXX) direktori Aleksandr Bortnikov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga 11 kishi hibsga olinganini ochiqladi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukrainaning Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
Live
Barchasi