Talato‘plar oqibatida Nazarboyevning qizi va kuyovi 200 mln dollar yo‘qotdi

Olam

image

Qozog‘istonlik to‘rt milliarder, jumladan, mamlakat birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovining boyligi bir necha kunlik norozilik namoyishlarida jami 3 milliard dollarga qisqardi. Bu haqda “Forbes” yozmoqda.  

Ta’kidlanishicha, milliarderlarning boyligi mamlakatdagi ikki yirik bank — Kaspi Bank va Qozog‘iston Xalq banki aksiyalari qiymati mos ravishda 30 va 15 foizga tushib ketgani tufayli qisqargan. 

Joriy yilning 4-6 yanvar kunlari Kaspi Bank’ning eng yirik aksiyadori Vyacheslav Kim 1,4 milliard dollar yo‘qotgan, uning boyligi 5,7 dollardan 4,2 milliard dollarga tushgan. Kaspi bosh direktori Mixail Lomtadzening boyligi xuddi shu miqdorga — 5,2 dan 3,8 milliard dollarga kamaygan. 

Qozog‘iston Xalq banki aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi Nazarboyevning qizi Dinara Kulibayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev jami 200 million dollar yo‘qotgan. “Forbes” er-xotinning boyligini 3,1 milliard dollarga baholagan.

Umuman olganda, “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning eng boy odamlari reytingida boyligi bir milliard dollardan oshgan yetti kishi bor. Nashr norozilik namoyishlari paytida qolgan milliarderlarning ahvoli qanday o‘zgarganiga ishora qilmagan.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Dinara Kulibaeva

Baholaganlar

131

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing