Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilgan o‘zbekistonlik xalqaro qidiruvga berildi
3-sahifa
−
16 aprel
13873Moskvada o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsada, tinch hayotidan voz kechib, Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilgan Alisher Tojiboyev xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
1970 yilda Tojikistonning Qo‘rg‘ontepa shahrida tug‘ilgan Alisher Tojiboyev ishlab, pul topish maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borib-kelib yurgan. U qurilish ishlarida ishlab yurib, 2004 yilda chechen millatiga mansub Islom ismli shaxsning diniy ekstremistik oqim g‘oyalari ta’siriga tushgan va shu paytda o‘zi boshchiligida Moskva jamoatini tashkil qilgan.
Tojiboyev 2008 yilda Moskvada “Halol” nomli tamaddixona ochadi. Ishlab, pul topish maqsadida borgan tanishlarini ishga olib, bu yerda ularning miyasini diniy ekstremistik oqim g‘oyalari bilan zaharlab, o‘zining jamoatini kengaytiradi.
2012 yilda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244 prim 2-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Alisher Tojiboyev tergovdan yashiringan.
Hozirda maxsus qidiruvda bo‘lgan Tojiboyev 2013 yilda Moskva orqali Turkiyaga, u yerdan Suriyaga o‘tgan. Hozirgi kunda u Suriyadagi xalqaro terroristik guruhlar safida.
Eslatib o‘tamiz, IIB tomonidan bu kabi qidiruvlar ancha faollashib, avvalroq ham bir qancha shaxslar, xususan Abduvahob Abdurahimov, Jaloliddin Mansurov, Mirolim O‘lmasov, Dilshod Qodirov, Aziz Toshkentboyev, Sharif Ubaydullayev qidiruvga berilgan edi.
LiveBarchasi