Firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlandi

3-sahifa

−

image

Firibgarlikda ayblanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Gruziyada ushlandi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Interpol yo‘nalishi bo‘yicha samarali hamkorlik natijasida respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik)ning 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinishi ta’minlangan.

Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish davomida qidiruvda bo‘lgan shaxsning Gruziya hududida ekanligi aniqlangan. O‘zbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari tufayli mazkur ish bo‘yicha keyingi barcha bosqichlarda zarur axborot va tashkiliy ko‘mak ta’minlangan.

Jumladan, O‘zbekiston va Gruziya tomonlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida mazkur shaxs Gruziyaning vakolatli organlari tomonidan ushlangan. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasi qanoatlantirilib, qonunchilikda nazarda tutilgan tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng jinoyatchini mamlakatga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bildirilishicha, Interpol milliy markaziy byurolari xodimlarining bevosita ishtirokida qidiruvdagi shaxs Gruziyadan ekstraditsiya qilinib, qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur ekstraditsiya odil sudlovdan yashirinib yurgan shaxslarning turgan joyini aniqlash, ularni ushlash va mamlakatga qaytarilishini ta’minlashga qaratilgan izchil va muvofiqlashtirilgan ishlar, shuningdek, Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi va uning xorijiy hamkorlari o‘rtasida xalqaro uchrashuvlar doirasida olib borilgan muzokaralar hamda erishilgan kelishuvlarning navbatdagi natijasi bo‘lgan.

“Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro qidiruvdagi shaxslarni qidirish, ushlash va ekstraditsiya qilish borasida samarali o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq odam savdosida gumonlanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing