“Barcha soxta ayblovlarni rad etaman”. Qahramonjon Olimov ilk bor bayonot berdi
Jamiyat
−
12:56 4282 6 daqiqa
Anorbank aksiyadorlaridan biri Qahramonjon Olimov so‘nggi 18 oy davomida o‘zi va oilasi turli hujumlarga duch kelganini bildirdi. Bu haqda u joriy yilning 16 oktyabr kuni o‘zining yuridik vakili – FEDIDA ASSOCIES orqali bayonot berdi.
Bayonotda aytilishicha, 2025 yil 24 iyun kuni Parijda o‘g‘irlab ketilgan, ikki kun davomida noqonuniy ushlab turilgan va ozodlikka chiqishi uchun tovon puli to‘lashga majburlangan.
“2025 yil 24 iyun kuni Parijda meni o‘g‘irlab ketishdi. Ikki kun davomida noqonuniy ravishda ushlab turishdi, qiynoqqa solishdi va ozodlikka chiqishim uchun tovon puli to‘lashga majbur qilishdi”, deyiladi bayonotda.
Uning bildirishicha, Fransiya politsiyasi olib borgan tergov natijasida besh kishi hibsga olingan va sudga qadar qamoqda saqlanmoqda. Yana ikki kishiga nisbatan sud nazorati choralari qo‘llanilgan. Shuningdek, ayblanuvchilarni garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosnomalar rad etilgan.
Olimov Interpol bilan bog‘liq vaziyat haqida ham izoh bergan. Uning bildirishicha, O‘zbekiston tomonidan Interpolning xalqaro qidiruvga oid qizil bildirishnomasi chiqarilgan va u odam o‘g‘irlashda ayblanmoqda.
“Meni odam o‘g‘irlashda ayblashmoqda, holbuki, bu jinoyatning o‘zidan men jabrlanuvchi bo‘lganman. Mazkur qizil bildirishnoma hozirda Interpol veb-saytidan olib tashlangan”, deyiladi bayonotda.
Olimov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, sudda o‘z huquqlarini himoya qilayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, uning aytishicha, so‘nggi voqealardan keyin o‘zi va bizneslariga qarshi iqtisodiy, huquqiy hamda obro‘siga putur yetkazishga qaratilgan harakatlar davom etgan.
“Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga to‘liq ishonaman hamda bu jinoyatlarga aloqador shaxslar qilmishlari uchun javob berishlariga qat’iy ishonaman”, deydi Olimov.
U ushbu voqealar O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga ta’sir qilishi mumkinligini ham ta’kidlab, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash va mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun ochiq muhit yaratish muhimligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, dastlab joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Qahramonjon Olimovning Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani ma’lum bo‘lgan edi. Keyinroq uning Anorbank Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergani xabar qilindi. Anorbank buni bank reytingining pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar bilan izohladi. Joriy yilning 8 oktyabr kuni esa Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi “Anorbank” AJning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolti reytinini CCC+ darajasidan CCC darajasiga tushirgani ma’lum bo‘ldi. Joriy yilning oktyabr oyida Qahramonjon Olimovning kartochkasi Interpol saytida xalqaro qidiruvdagi shaxslarning ochiq ro‘yxatidan olib tashlandi.
Shuningdek, oldinroq “The Insider” nashri o‘z manbalariga tayanib, Qahramon Olimov bir yil avval o‘zining o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq voqeani uyushtirgani uchun xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan edi.
Nashr manbasining xabar berishicha, Olimov sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish uchun Fransiyada o‘zini o‘g‘irlashlarini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. 2025 yilning noyabr oyida “The Insider” va Fransiyaning “L’Express” nashrlari Olimov taqdim etgan talqinda ko‘plab ziddiyatlar va soxtalashtirish alomatlarini aniqlagan. Xususan, go‘yoki ozod qilinganidan so‘ng bankir o‘zini o‘g‘irlagan shaxs deb atagan odam bilan do‘stona yozishgan, so‘ngra qo‘lga olinishining oldini olish uchun uni politsiya haqida ogohlantirib, “uzoqroq yurishni” so‘ragan.
Nashrning yozishicha, endilikda Olimov Rahimovni o‘zini o‘g‘irlashda ayblab, unga tuhmat qilganlikda, so‘ng O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari yordamida Rahimovni jinoiy ta’qib qilish tahdidi ostida moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash uchun uning o‘zini o‘g‘irlashni tashkil etganlikda ayblanmoqda. Rahimov avvalroq, Olimovga nisbatan moliyaviy da’volar bildirib, uni o‘ziga tegishli biznes-aktivlarni o‘zlashtirib olishda ayblagan va 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilgan.
Odam o‘g‘irlanishining sahnalashtirilishi
2025 yilning yozida Olimov uni Parij markazida o‘g‘irlab ketishganini, avval noma’lum joyga, so‘ng Nitssa yaqinidagi villaga olib borib, u yerda kaltaklashgani, qiynoqqa solishgani va 10 million dollar talab qilishganini ma’lum qilgan. Uning talqiniga ko‘ra, u 5 million dollarlik tilxat yozib berishga va 200 ming dollar topshirishga rozi bo‘lgach, o‘g‘rilar uni qo‘yib yuborgan. Parijga qaytgach, Olimov politsiyaga murojaat qilgan.
Biroq “The Insider” va “L’Express”ning birgalikdagi surishtiruvi bu talqinga mos kelmaydigan bir qator holatlarni aniqlagan. Olimov go‘yoki ushlab turilgan villa Olimovning yaqin sherigining hujjatlaridan foydalanilgan holda vositachi orqali ijaraga olingan. Ozod qilinganidan so‘ng, Olimovning Parijga qaytish uchun birinchi klass chiptasini bankir o‘g‘irlikning bevosita ishtirokchisi deb atagan M. ismli shaxsning haydovchisi to‘lagan. Politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham Olimov M. bilan do‘stona yozishishni davom ettirgan va ko‘p soatlik so‘roq paytida u bilan 200 ming dollarni topshirishni muhokama qilgan.
Yozishmalar keyinchalik ham davom etgan. M. Olimovdan politsiya sodir bo‘lgan voqea sahnalashtirilganini tushundimi deb so‘raganida, u javob bermagan. Bir necha kundan so‘ng Olimov unga oralarida “adovat yo‘qligini” yozgan va M. ning qo‘lga olinmaganidan yengil tortishini bildirgan. Taxminiy qiynoqlardan sakkiz kun o‘tib o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik Olimovda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan arzimas lat yeyish va shilingan joylarni qayd etgan.
Surishtiruvda, shuningdek, Olimov va uning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov o‘rtasida ko‘p yillik moliyaviy nizo mavjudligini aniqlangan.
“Rahimov 2016 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketib qolgach, uning biznesining salmoqli qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan, so‘ngra Olimov tomonidan majburlab o‘tkazilgan va Rahimov keyinchalik o‘ta manfaatsiz deb hisoblagan bitim natijasida unga o‘tib ketgan. O‘zbekistonga qaytgach, Rahimov uni qayta ko‘rib chiqishga erisha boshladi va Olimovdan 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qildi. Bu voqealar fonida 2025 yilning yozida Olimovning o‘g‘irlanishi haqidagi voqea paydo bo‘ldi va u buning tashkilotchisi sifatida amalda Rahimovga aloqador odamlarni aybladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qahramonjon Olimov O‘zbekistonning taniqli moliyachilaridan biri. U 1977 yilda tug‘ilgan, 1999 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekistonda xususiy bank sektorida faoliyat yurituvchi eng muhim shaxslar qatoriga kiradi.
2025 yilning iyul oyida “Le Monde” Qahramon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilganini yozgan edi. Keyinroq, QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izoh olish uchun bank bilan bog‘langandi. Anorbank rasmiysi shunday hodisa ro‘y berganini tasdiqlagan edi va Olimov ozodlikka chiqish uchun o‘z shaxsiy pullarini ishlatgani, hodisaning bankka omonot qo‘ygan mijozlarning puliga aloqasi yo‘qligi bildirgandi.
Live
Barchasi