Fitch Anorbank reytingini pasaytirdi
Jamiyat
−
09:54 489 6 daqiqa
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi joriy yilning 8 oktyabr kuni “Anorbank” AJning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolti reytinini CCC+ darajasidan CCC darajasiga tushirdi. Bankning barqarorlik reytingi ham ccc+ dan ccc darajasiga tushirildi. Ikkala reyting ham salbiy qayta ko‘rib chiqish ro‘yxatiga joylashtirildi. Bu haqda reyting agentligi saytida keltirilgan.
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror Interpol tomonidan bankning Kuzatuv kengashi a’zosi Qahramon Olimovga nisbatan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) chiqarilgani ortidan qabul qilingan.
“Reytingning tushirilishi bankning to‘lov qobiliyatiga bo‘lgan xavf-xatarlar ortganini aks ettiradi”, deyiladi Fitch bayonotida.
Kapitalni oshirish rejasi amalga oshirilishi yoki oshirilmasligi noaniqligicha qolmoqda. Bu esa rejalashtirilgan kapital yetarliligi ko‘rsatkichlariga erishilmaslik ehtimolini oshiradi. Agentlikning bildirishicha, bu juda cheklangan kapital buferi mavjudligidan dalolat beradi.
Salbiy qayta ko‘rib chiqish ro‘yxatiga joylashtirilishi reputatsiya xavfi Anorbank’ning biznes profili, daromadliligi va likvidligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi bo‘yicha noaniqlikni aks ettiradi.
Fitch’ning bildirishicha, ccc darajasidagi barqarorlik reytingi asosan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari bo‘yicha bank kapitallashuvining sezilarli darajada yomonlashganini aks ettiradi. 2025 yil oxirida Fitch Core Capital ko‘rsatkichi tavakkalchilik darajasi bo‘yicha tortilgan aktivlarning atigi 0,9 foizini tashkil etgan.
Yaqinda ishlab chiqilgan kapitalni tiklash rejasi 2026 yil oxirigacha ushbu nisbatni 5 foizgacha oshirishni nazarda tutadi. Ushbu maqsadga erishish aksiyador tomonidan salmoqli kapital kiritilishini talab qiladi va Fitch uning amalga oshirilishini juda noaniq deb hisoblaydi.
Agentlik, shuningdek, so‘nggi voqealar reputatsiya xavfini oshirdi, deb hisoblaydi. Agar kontragentlar ishonchni yo‘qotsa va bankning bozordagi mavqei zaiflashsa, bu biznes rivojlanishiga, daromadlilikka va moliyalashtirish barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Fitch Anorbank’ning korporativ boshqaruv tuzilmasi bilan bog‘liq ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) omilining ahamiyati bo‘yicha bahosini 3 dan 5 ga oshirgan. O‘zgarish asosiy shaxs bilan bog‘liq xavflarni va bank aksiyadoriga qo‘yilgan ayblovlarni aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qahramon Olimov xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berilgan edi. Interpol saytida unga nisbatan “qizil bildirishnoma” e’lon qilingan. Ushbu xabarlar fonida Olimov Anorbank Kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Anorbank buni reytingning pasayishiga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora sifatida qayd etgan.
Shuningdek, oldinroq “The Insider” nashri o‘z manbalariga tayanib, Qahramon Olimov bir yil avval o‘zining o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq voqeani uyushtirgani uchun xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozgan edi.
Nashr manbasining xabar berishicha, Olimov sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish uchun Fransiyada o‘zini o‘g‘irlashlarini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. 2025 yilning noyabr oyida “The Insider” va Fransiyaning “L’Express” nashrlari Olimov taqdim etgan talqinda ko‘plab ziddiyatlar va soxtalashtirish alomatlarini aniqlagan. Xususan, go‘yoki ozod qilinganidan so‘ng bankir o‘zini o‘g‘irlagan shaxs deb atagan odam bilan do‘stona yozishgan, so‘ngra qo‘lga olinishining oldini olish uchun uni politsiya haqida ogohlantirib, “uzoqroq yurishni” so‘ragan.
Nashrning yozishicha, endilikda Olimov Rahimovni o‘zini o‘g‘irlashda ayblab, unga tuhmat qilganlikda, so‘ng O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari yordamida Rahimovni jinoiy ta’qib qilish tahdidi ostida moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash uchun uning o‘zini o‘g‘irlashni tashkil etganlikda ayblanmoqda. Rahimov avvalroq, Olimovga nisbatan moliyaviy da’volar bildirib, uni o‘ziga tegishli biznes-aktivlarni o‘zlashtirib olishda ayblagan va 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilgan.
Odam o‘g‘irlanishining sahnalashtirilishi
2025 yilning yozida Olimov uni Parij markazida o‘g‘irlab ketishganini, avval noma’lum joyga, so‘ng Nitssa yaqinidagi villaga olib borib, u yerda kaltaklashgani, qiynoqqa solishgani va 10 million dollar talab qilishganini ma’lum qilgan. Uning talqiniga ko‘ra, u 5 million dollarlik tilxat yozib berishga va 200 ming dollar topshirishga rozi bo‘lgach, o‘g‘rilar uni qo‘yib yuborgan. Parijga qaytgach, Olimov politsiyaga murojaat qilgan.
Biroq “The Insider” va “L’Express”ning birgalikdagi surishtiruvi bu talqinga mos kelmaydigan bir qator holatlarni aniqlagan. Olimov go‘yoki ushlab turilgan villa Olimovning yaqin sherigining hujjatlaridan foydalanilgan holda vositachi orqali ijaraga olingan. Ozod qilinganidan so‘ng, Olimovning Parijga qaytish uchun birinchi klass chiptasini bankir o‘g‘irlikning bevosita ishtirokchisi deb atagan M. ismli shaxsning haydovchisi to‘lagan. Politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham Olimov M. bilan do‘stona yozishishni davom ettirgan va ko‘p soatlik so‘roq paytida u bilan 200 ming dollarni topshirishni muhokama qilgan.
Yozishmalar keyinchalik ham davom etgan. M. Olimovdan politsiya sodir bo‘lgan voqea sahnalashtirilganini tushundimi deb so‘raganida, u javob bermagan. Bir necha kundan so‘ng Olimov unga oralarida “adovat yo‘qligini” yozgan va M. ning qo‘lga olinmaganidan yengil tortishini bildirgan. Taxminiy qiynoqlardan sakkiz kun o‘tib o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik Olimovda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan arzimas lat yeyish va shilingan joylarni qayd etgan.
Surishtiruvda, shuningdek, Olimov va uning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov o‘rtasida ko‘p yillik moliyaviy nizo mavjudligini aniqlangan.
“Rahimov 2016 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketib qolgach, uning biznesining salmoqli qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan, so‘ngra Olimov tomonidan majburlab o‘tkazilgan va Rahimov keyinchalik o‘ta manfaatsiz deb hisoblagan bitim natijasida unga o‘tib ketgan. O‘zbekistonga qaytgach, Rahimov uni qayta ko‘rib chiqishga erisha boshladi va Olimovdan 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qildi. Bu voqealar fonida 2025 yilning yozida Olimovning o‘g‘irlanishi haqidagi voqea paydo bo‘ldi va u buning tashkilotchisi sifatida amalda Rahimovga aloqador odamlarni aybladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qahramonjon Olimov O‘zbekistonning taniqli moliyachilaridan biri. U 1977 yilda tug‘ilgan, 1999 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekistonda xususiy bank sektorida faoliyat yurituvchi eng muhim shaxslar qatoriga kiradi.
2025 yilning iyul oyida “Le Monde” Qahramon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilganini yozgan edi. Keyinroq, QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izoh olish uchun bank bilan bog‘langandi. Anorbank rasmiysi shunday hodisa ro‘y berganini tasdiqlagan edi va Olimov ozodlikka chiqish uchun o‘z shaxsiy pullarini ishlatgani, hodisaning bankka omonot qo‘ygan mijozlarning puliga aloqasi yo‘qligi bildirgandi.
Live
Barchasi