Tiriklayin yongan ayol, bir uydan 4 ölik, yonğin, pora bilan uşlangan “kattakon”, qadami qutluğ kelgan Rubio – Hafta tahlili

Tahlil

−

Reklama
0:00

Namanganda hokim örinbosari pora bilan öz xizmat avtomobilida qölga tuşdi. Xorazmda bir oilaning uç a’zosi ovqatdan zaharlanib, vafot etdi. Özbekistonga nisbatan Jekson-Venik tuzatişi bekor qilinişi kutilmoqda. Mamlakat “Artemida” bitimiga qöşildi. AQŞ davlat kotibi Marko Rubioning qadami qutluğ keldi. Google Pay xalqaro tölov xizmati işga tuşdi. Tez orada Apple Pay ham işga tuşişi kutilmoqda. AQŞda özbekistonlik erkak 12 mln dollarlik öğirlikda ayblanmoqda. Dunyoning qudratli armiyalari reytingida Özbekiston yuqoriladi, pasport reytingida esa sezilarli darajada pastladi. Xalqaro qidiruvga berilgan Qahramonjon Olimov öziga nisbatan ayblovlarni rad etib, bayonot berdi. 

Uçtepadagi xonadonda yonğin çiqib, bir kişi tiriklayin yonib ketdi

Dasturimizni mudhiş voqea tafsilotlari bilan boşlaymiz. 24 oktyabrga ötar tunda Toşkentning Uçtepa tumanida xonadonda yonğin sodir bölib, bir kişi tiriklayin yonib ketdi.

Tungi soat 01:33 da Toşkent şahar FVBBga Uçtepa tumani, Yusuf Sakkokiy köçasida joylaşgan turarjoy majmuasidagi xonadonlardan birida yonğin sodir bölayotgani haqida xabar kelib tuşgan.

Xabar asosida yonğin-qutqaruv ekipajlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yonğin soat 01:52 da bartaraf etilgan. Oqibatda xonadonning uy jihozlari zararlangan. Voqea joyida bir kişining jasadi aniqlangan.

Hozirda holat yuzasidan tegişli organlar tomonidan jinoyat işi qözğatilib, hodisa sabablari va boşqa tafsilotlarini aniqlaş böyiça tergovga qadar suriştiruv işlari olib borilmoqda. Uşbu voqea sodir bölişi fonida jamoatçilik orasida yangi qurilayotgan uylar atrofidagi avtoturargohlar masalasi kun tartibiga çiqdi. Ma’lumki, sönggi yillarda respublikada, ayniqsa, poytaxt Toşkentda qurilişlar köpaygan. Yirik sitilar, köp qavatli uylarning köpayişi şundoq ham muammo bölgan avtoturargohlar masalasini yanada olovlantirdi. Ayni vaqtda qurilayotgan köp qavatli uylardagi kvartiralarga mos ravişda yetarli darajada avtoturargohlarning mavjud emasligi, hatto, umumiy kvartiralar soniga nisbatan avtoturargohdagi örinlari 20 foizga ham yetmasligi aholining e’tiroziga, avtomobillarini yöl böylarida qoldirib ketişi va boşqa jiddiy muammolarga sabab bölmoqda. Uçtepadagi yonğinga guvoh bölganlarning aytişiça, yonğin sodir bölayotgan hududga yetib kelgan yonğin xavfsizligi xizmati maxsus avtomobil yöl böyiga betartib qöyib ketilgan avtomobillar sababli ança vaqtgaça uy atrofiga yetib kelolmagan.

Kosonsoy tumani hokimi örinbosari xizmat avtomaşinasida qölga olindi

Ötgan hafta Toşkent viloyati Toşkent tumani hokimi örinbosari 25 ming AQŞ dollari pora olayotganda qölga tuşgan edi. Çelenj bu hafta ham davom etib, Namangan viloyati Kosonsoy tumani hokimi örinbosari xizmat avtomobilida pora bilan qölga olindi. 

Gap şundaki, tadbirkorga tahdid qilgan hokim örinbosari 65 mln söm pora bilan uşlandi. 

Aytilişça, hokim örinbosari mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, hokimiyat tomonidan mahalliy tadbirkorga ijara asosida berilgan yer maydonini boşqa tadbirkorga olib beriş bilan qörqitib, undan tamagirlik yöli bilan özining yaşaş xonadoniga 20 kVt quvvatli quyoş panellarini örnatib berişni talab qilgan.

DXXning Namangan viloyati böyiça boşqarmasi hamda Boş prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarşi kuraşiş departamenti xodimlari tomonidan ötkazilgan tezkor tadbirda hokim örinbosari quyoş panellarini sotib oliş va örnatiş xarajatlari uçun 65 mln söm pul mablağini özining xizmat avtomaşinasida olgan vaqtida aşyoviy dalillar bilan uşlangan.

Holat yuzasidan hokim örinbosariga Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat işi qözğatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazmda ona va uning 3 farzandi ovqatdan zaharlanib vafot etdi

Xorazm viloyatining Boğot tumanida ovqatdan zaharlaniş oqibatida bir oilaning 4 a’zosi – ona va uning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ söroviga javoban Boş prokuratura matbuot kotibi Hayot Şamsutdinov ma’lum qildi.

Joriy yilning 8 oktyabr kuni oilada zaharlaniş alomatlari kuzatilgan. Ular bir kun avvalgi tuğilgan kun marosimidan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgan.

Marhumlarning ölim sabablarini aniqlaş uçun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekşiruvga viloyat Favqulodda vaziyatlar boşqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyiştalik va jamoat salomatligi xizmati hamda viloyat Soğliqni saqlaş boşqarmasi mutaxassislari jalb qilingan.

Mazkur holat yuzasidan 2026 yil 10 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 276-11-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ötkaziş maqsadini közlab işlab çiqariş, saqlaş, taşiş yoxud ötkaziş, işlar bajariş yoki xizmatlar körsatiş) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat işi qözğatilgan. Bunga odamlar ölimiga sabab bölgan, iste’molçilar hayoti va soğliği xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni işlab çiqariş, saqlaş, taşiş yoki sotiş bilan boğliq jinoyat alomatlari mavjudligi, zudlik bilan tegişli tergov harakatlarini ötkaziş orqali haqiqatni aniqlaş lozimligi sabab bölgan.

Toşkentda quriliş vaqtida devor qulab, qabrlarni bosib qoldi

Toşkent şahridagi Botkin qabristonida quriliş işlari vaqtida devor quladi va qabrlarni bosib qoldi. Holat Toşkent şahri Yaşnobod tumani Sultonali Maşhadiy mahallasi hududida joylaşgan tadbirkorlik ob’ektida qöşimça bino quriş uçun yer işlari olib borilayotgan vaqtda sodir bölgan.

Örganişlar davomida mazkur quriliş işlari belgilangan şaharsozlik normalari talablariga zid ravişda, tegişli ruxsatnomalarsiz noqonuniy boşlangani aniqlangan. Boşqaça bölişi ham mumkin emas! 

Quriliş işlari töxtatilgan hamda quruvçi taşkilotga nisbatan BHMning 200 baravari miqdorida ma’muriy jarima qöllanilgan. Buyurtmaçi va pudratçi taşkilotga devor qulaş oqibatlarini bartaraf etiş hamda şikastlangan qabr toşlarini qayta tiklaş majburiyati yuklatilgan.

Marko Rubio Özbekistonga keldi

Tugayotgan haftada butun dunyo nigohi haqiqatan ham Özbekistonda böldi. Amerika Qöşma Ştatlari Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Özbekistonga keldi. U yolğiz emasdi, 200 nafar amerikalik yirik tadbirkorlar unga hamkorlik qildi, Samarqandda yirik biznes forum ötkazildi. Markaziy Osiyo respublikalari Taşqi işlar vazirlari iştirokida C5+1 formatida yiğin ötdi. Rubioning taşrifi haqida allaqaçon ikki körsatuvni tayyorlab, efirga uzatdik, asosiy tafsilotlardan öşa dasturda boxabar bölişingiz mumkin. Hozir gap uşbu tadbirlarning nega Samarqandda ötgani va uni taşkilllaştirişda Prezident Administratsyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning örni haqida.

Rubio 19 oktyabr kuni Amerika – Özbekiston işbilarmonlik va investitsiya kengaşining ikkinçi yiğilişida söz olib, kengaş faoliyatiga yuqori baho berdi, uning hamraislari – AQŞ Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor va Özbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga alohida minnatdorlik bildirdi.

Davlat kotibi ikki hamraisning hamkorlikni rivojlantiriş yölidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etib, “Bugungi oqşom sizlarsiz amalga oşmas edi”, deya ta’kidlagan.

Qolaversa, AQŞ davlat kotibi, Özbekiston bilan munosabatlarni rivojlantiriş Qöşma Ştatlar taşqi siyosatining ustuvor yönalişlaridan biri ekanini alohida urğulab, özi bilan kelgan tadbirkorlarga kelajakda Özbekistondan uy olib qöyişni tavsiya qildi. 

Marko Rubio bunday keng kölamli hamkorlikka aynan Prezident Şavkat Mirziyoyev amalga oşirgan islohotlar zamin yaratganini alohida e’tirof etgan.

Tadbirda iştirok etgan Özbekiston Prezidenti Şavkat Mirziyoyev bugungi kunda Özbekiston va Amerika örtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqiçga kötarilgani, bu esa eng avvalo, AQŞ Prezidenti Donald Trampning şaxsiy e’tibori va qöllab-quvvatlovi tufayli ekanini aytdi. Mustahkam siyosiy şeriklik asosida iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytiriş zarurligini bildirdi. Davlat rahbari kengaş ikki mamlakat örtasidagi uzoq muddatli iqtisodiy şeriklikning strategik mexanizmiga aylanişi lozimligi ta’kidlangan. Şu munosabat bilan 2035 yilgaça bölgan davrga möljallangan savdo-investitsiyaviy va texnologik hamkorlik dasturini işlab çiqiş taklif etilgan.

Ingliz tilida ravon nutq sözlagan Saida Mirziyoyeva esa Özbekistondagi biznes muhiti, tadbirkorlar uçun şaroitlar aynan amerikalik tadbirkorlarning taklif va talablari inobatga olingan holda qayta körib çiqilganini eslatdi.

“Şu vaqt içida bir muhim haqiqatni angladik: biznes qoidalar aniq, eşiklar oçiq va qönğiroqlarga darhol javob beriladigan joyga intiladi. Şu bois biz doimo aloqada böladigan va murojaatlarni javobsiz qoldirmaydigan hamkor bölişga intilmoqdamiz. Tadbirkorlar söragani uçun biz qoidalarni özgartirdik. Endi savdo har ikki yönalişda ham rivojlanmoqda: Özbekiston investitsiyalari AQŞda yangi iş örinlarini yaratişga, mahsulotlarining xaridi esa Amerika sanoat korxonalari faoliyatini qöllab-quvvatlaşga xizmat qilmoqda.

Halol şeriklikning mohiyati şunda: har ikki tomon ham manfaat körişi kerak”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Jekson-Venik tuzatişi haqida eşitganmisiz? U 1974 yilda AQŞning Savdo töğrisidagi qonuniga kiritilgan bölib, asosan bozor iqtisodiyotiga ega bölmagan hamda fuqarolarining emmigratsiya qiliş (mamlakatni tark etiş) va boşqa inson huquqlarini çeklaydigan davlatlarga nisbatan qöllaniladigan çeklovçi modda. AQŞ kongressmenlari Genri Jekson va Çarlz Venik tomonidan taklif etilgan uşbu tuzatiş dastlab Sovuq uruş davrida SSSR va uning ittifoqçilaridan yahudiylar hamda boşqa ozçilik guruhlarning erkin çiqib ketişiga ruxsat beriş uçun bosim ötkaziş mexanizmi sifatida qabul qilingan. Unga köra, uşbu çeklov ostiga tuşgan mamlakatlarga AQŞ tomonidan “eng köp qulaylik yaratiş tartibi” (savdodagi teng huquqlilik va past bojxona tariflari) doimiy ravişda berilmaydi, şuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlaridan foydalaniş çeklanadi.

Sovet Ittifoqi parçalanganidan söng bu tuzatiş avtomatik ravişda sobiq ittifoq tarkibidagi mustaqil davlatlarga, jumladan, Özbekiston va Markaziy Osiyoning boşqa mamlakatlariga ham ötgan. Oqibatda garçi uşbu davlatlar erkin emigratsiyaga qöyilgan talablarni töliq bajarib kelayotgan bölsa-da, AQŞ Prezidenti har yili Kongressga alohida xabarnoma yuborib, çeklovlarni vaqtinça töxtatib turişga majbur böladi. Sönggi yillarda, ayniqsa “C5+1” va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanişi fonida AQŞ ma’muriyati va bir qator kongressmenlar uşbu eskirgan va Sovuq uruşdan qolgan byurokratik tösiqni Özbekiston va boşqa hamkor davlatlarga nisbatan batamom bekor qiliş taklifini ilgari surmoqda.

Samarqandga kelgan Rubio Tramp ma’muriyati ham Jekson-Venik tuzatişini bekor qiliş tarafdori ekanini bildirdi.

Saida Mirziyoyeva esa Kengaş yiğilişidagi nutqida bu masalaga ham töxtalib, Jekson-Venik tuzatişini bekor qiliş böyiça Özbekiston Hukumati bilan yakdil ekani uçun Rubioga minnatdorlik bildirdi. 

“Biz bu fikrga töliq qöşilamiz va bu çeklov tezroq bekor qilinişidan mamnun bölamiz. U bekor qilingan kunning ertasidanoq mazkur Kengaş yangi marralarga şay böladi. Vaşingtonda endi şunçaki “imkoniyatlar” haqida gaplaşiş davridan ötganimizni aytgandik. Bugun sizdan ham xuddi şuni sörayman: bizga aniq loyiha bilan keling yoki muammoingizni olib keling – ikkisini ham qabul qilişga tayyormiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Xullas, Rubioning taşrifi bahonasida Özbekiston – AQŞ Kengaytirilgan strategik şeriklik muloqotining birinçi yiğilişi ham bölib ötdi. Samarqandda ötkazilgan Özbekiston – AQŞ biznes va investitsiya kengaşining ikkinçi yiğilişi doirasida umumiy qiymati 12 milliard dollardan ortiq bölgan 54 ta şartnoma, bitim va anglaşuv memorandumlari imzolandi. Özbekiston va AQŞ Oy, Mars, kometalar va asteroidlarni tinç maqsadlarda tadqiq etiş hamda ulardan foydalaniş böyiça hamkorlik tamoyillarini belgilovçi “Artemida” bitimlarini imzoladi. Hujjat Özbekistonning NASA va boşqa iştirokçi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytiriş, milliy kadrlarni tayyorlaş hamda kosmik texnologiyalar transferi uçun yangi imkoniyatlar yaratadi.

AQŞ va Markaziy Osiyo davlatlari (C5+1) taşqi işlar vazirlari uçraşuvi yakunlari böyiça mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy integratsiya va energetika mustaqilligini mustahkamlaşga qaratilgan muhim tavsiya va bayonnomalar qabul qilindi. Endi navbat Trampning taşrifiga qolyapti. 35 yil davomida AQŞning birorta Prezidenti Markaziy Osiyoga qadam bosmagan, ammo Trampning Markaziy Osiyoga, xususan Özbekistonga keliş niyati yöq emas. Xöş, sizningça u keladimi? 

Özbekistonda Google Pay işga tuşdi

Rubioning Özbekistonga qadami qutluğ keldi. Va nihoyat mamlakatda Google Pay xalqaro tölov xizmati işga tuşdi. Taşrif doirasida ötgan tadbirlardan birida Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Şarqiy Yevropa böyiça hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski xizmat Özbekistonda iş boşlaganini e’lon qildi.

Joriy yilning 26 mart kuni Prezident “Şaxsga doir ma’lumotlar töğrisida” gi qonunga özgartirişlar kiritiş haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barça şaxsiy ma’lumotlarni faqat Özbekiston hududidagi serverlarda saqlaş talabi bekor qilindi.

Uşbu talab biometrik va genetik ma’lumotlar, şuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan şaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan şartlarga rioya qilgan holda xorijda qayta işlaş mumkin.

Yaqin kunlarda esa Apple Pay ham işga tuşişi kutilmoqda. Bu haqda xabar bergan Turizm qömitasiga köra, ayni vaqtda texnik işlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda mahalliy tölov tizimlari tomonidan olib borilmoqda.

Prezident özbek alifbosini özgartirişga oid qonunni imzoladi

Alifbo özgaryapti. U olti oydan keyin töliq kuçga kiradi. Prezident Şavkat Mirziyoyev “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi qonunni imzoladi. Uzoq davom etgan muhokamalardan söng, lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosida 4 ta harf – O‘, G‘, Sh, Ch ning yozilişi siz ekraningizda körib turgan tartibda özgaryapti. Qolgani öşa-öşa, yangi alifboda 28 ta harf, 1 ta tutuq belgisi böladi. 

Qonun qabul qilingani bilan amaldagi hujjatlar, darsliklar va boşqa materiallarni birdaniga almaştiriş talab etilmaydi. Ular yaroqlilik muddati tugagaç, öz kuçini yöqotgaç yoki navbatdagi yangilaniş jarayonida yangi alifboga moslaştirib boriladi. 

Qonun kuçga kirguniga qadar lotin alifbosining avvalgi şakllaridan foydalangan holda rasmiylaştirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz yuridik kuçini saqlab qoladi hamda muomalada bölişi mumkin.

Davlat organlari va taşkilotlarining ramzlari hamda boşqa atributlari, binolardagi Davlat gerbining börtma tasvirlari, şuningdek, geografik ob’ektlar nomlari yozilgan peşlavha va körsatkiçlar avvalgi harf şakllarida bölsa, ular eskirgunga qadar yoki qonunni amalga oşiriş böyiça çora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatlarga qadar foydalanilişi mumkin.

Qahramonjon Olimov ilk bor bayonot berdi

Özbekiston sörovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan, söng qidiruvdagi şaxslar röyxatidan sirli tarzda ğoyib bölgan “Anorbank” aksiyadori Qahramonjon Olimov sönggi 18 oy davomida özi va oilasi turli hujumlarga duç kelganini bildirdi. Bu haqda u özining yuridik vakili – FEDIDA ASSOCIES orqali bayonot berdi.

Yana Olimovning da’vo qilişiça, u 2025 yil 24 iyun kuni Parijda öğirlab ketilgan, ikki kun davomida noqonuniy uşlab turilgan va ozodlikka çiqişi uçun tovon puli tölaşga majburlangan. Fransiya politsiyasi olib borgan tergov natijasida 5 kişi hibsga olingan va sudga qadar qamoqda saqlanmoqda. Yana ikki kişiga nisbatan sud nazorati çoralari qöllanilgan. Şuningdek, ayblanuvçilarni garov evaziga ozod qiliş haqidagi iltimosnomalar rad etilgan.

Olimov Interpol bilan boğliq vaziyat haqida ham izoh bergan. Uning bildirişiça, Özbekiston tomonidan Interpolning xalqaro qidiruvga oid qizil bildirişnomasi çiqarilgan va u odam öğirlaşda ayblanmoqda.

“Meni odam öğirlaşda ayblaşmoqda, holbuki, bu jinoyatning özidan men jabrlanuvçi bölganman. Mazkur qizil bildirişnoma hozirda Interpol veb-saytidan olib taşlangan”, deyiladi bayonotda.

Olimov öziga qöyilgan barça ayblovlarni rad etib, sudda öz huquqlarini himoya qilayotganini ma’lum qilgan. Şuningdek, uning aytişiça, sönggi voqealardan keyin özi va bizneslariga qarşi iqtisodiy, huquqiy hamda obrösiga putur yetkazişga qaratilgan harakatlar davom etgan. U öz bayonotida Fransiya va Özbekiston sud tizimlariga hamda bu jinoyatlarga aloqador şaxslar qilmişlari uçun javob berişlariga qat’iy işonişini aytgan. 

U uşbu voqealar Özbekistonning xalqaro obrösiga ta’sir qilişi mumkinligini ham qayd etib, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlaş va mahalliy hamda xorijiy investorlar uçun oçiq muhit yaratiş muhimligini urğulagan. 

Anorbank oktbyar oyi boşida aksiyador Qahramonjon Olimov joriy yilning 2 oktyabr kuni Kuzatuv kengaşi tarkibidan çiqiş töğrisida ariza bergani, uşbu masala 28 oktyabr kuni aksiyadorlarning umumiy yiğilişida körib çiqilişini e’lon qilgandi. Biroq, hali belgilangan muddat kelmay turib, Qahramonjon Olimov haqidagi ma’lumotlar Anorbank saytining u bugungaça bölgan Rahbariyat bölimi – Kuzatuv kengaşi a’zolari röyxatidan öçirib yuborildi. Bankning rasmiy sahifalarida esa uning Kuzatuv kengaşidan çiqarilgani haqida rasmiy axborot berilgani yöq. 

Oxirgi şov-şuvli voqealar, Olimovning qidiruvga berilişi fonida esa Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi “Anorbank” AJning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolti reytingini CCC+ darajasidan CCC darajasiga tuşirdi. 

Özbekiston huquq-tartibot organlari hozirgaça Olimovning qidiruvga berilgani va u nega qidirilayotgani haqida axborot bermagan. Rossiyaning mustaqil suriştiruv naşri “The Insider” öz manbalariga tayanib, Qahramonjon Olimov bir yil avval özining öğirlab ketilişi bilan boğliq voqeani uyuştirgani uçun xalqaro qidiruvga berilgani haqida yozdi. 

Naşr manbasining xabar berişiça, Olimov sobiq iş beruvçisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat taşkilotçisi sifatida körsatiş uçun Fransiyada özini öğirlaşlarini sahnalaştirgan bölişi mumkin. 2025 yilning noyabr oyida “The Insider” va Fransiyaning “L’Express” naşrlari Olimov taqdim etgan talqinda köplab ziddiyatlar va soxtalaştiriş alomatlarini aniqlagan. Xususan, göyoki ozod qilinganidan söng bankir özini öğirlagan şaxs deb atagan odam bilan döstona yozişgan, söngra qölga olinişining oldini oliş uçun uni politsiya haqida ogohlantirib, “uzoqroq yurişni” söragan.

Naşrning yozişiça, endilikda Olimov Rahimovni özini öğirlaşda ayblab, unga tuhmat qilganlikda, söng Özbekiston kuç işlatar tizimlari yordamida Rahimovni jinoiy ta’qib qiliş tahdidi ostida moliyaviy da’volardan voz keçişga majburlaş uçun uning özini öğirlaşni taşkil etganlikda ayblanmoqda. Rahimov avvalroq, Olimovga nisbatan moliyaviy da’volar bildirib, uni öziga tegişli biznes-aktivlarni özlaştirib olişda ayblagan va 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilgan.

Özbekiston armiyasi kuçaydi, pasport mavqei esa tuşdi

Global Firepower 2026 yil uçun dunyoning eng kuçli armiyalari reytingini e’lon qildi. 145 ta mamlakat içida Özbekiston 53-örinda qayd etildi. Reytingda birinçi örinni AQŞ egallagan. Undan keyingi örinlardan Rossiya va Xitoy joy olgan. Hindiston törtinçi örinni saqlab qolgan, Janubiy Koreya esa beşinçi poğonada qayd etilgan. Kuçli önlikka, şuningdek, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya ham kirgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida Özbekiston 53-örin bilan yetakçilik qilmoqda. Keyingi poğonalarda esa Qozoğiston (58), Turkmaniston (78), Tojikiston (100) va Qirğiziston (108) qayd etilgan. Reytingning eng quyi örinlarida esa Markaziy Afrika Respublikasi, Beliz va Butan turibdi. Ular mos ravişda 143, 144 va 145-örinlarni band qilgan.

Mualliflar 60 dan ortiq omillarni e’tiborga oladi: şaxsiy tarkib soni, texnika miqdori, moliyaviy imkoniyatlar, logistika, tabiiy resurslar va geografiya. Formula qöşimça koeffitsiyentlarni öz içiga oladi. 

Şuningdek, tugayotgan haftada Özbekiston Henley & Partners xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan tuziladigan dunyo pasportlari reytingida 106 ta davlat orasida 82-örinni egalladi. Afsuski, bu sezilarli yöqotiş. Joriy yilning aprel oyida Özbekiston uşbu reytingning 73-örinda edi. Mamlakatning reytingdagi pozitsiyasi töqqiz poğonaga pasaydi. 2025 yil yakunlariga köra, Özbekiston 79-örinda joylaşgandi. 

Reytingning amaldagi natijalariga köra, Özbekiston Burkina-Faso va Togo bilan bir qatorda 82-örinni egallab turibdi. Özbekiston fuqarolari 57 ta davlatga vizasiz yoki yetib borgaç, viza rasmiylaştiriş orqali kirişi mumkin. 

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozoğiston yetakçi bölib, u 66-örindan joy olgan. Qirğiziston ham bizdan yuqorida – 81-poğonadan örin egallagan. Tojikistonga 87, Turkmanistonga esa 93-örin berilgan.

Reytingda birinçi örinni Singapur egalladi. Uşbu mamlakat fuqarolari 193 ta mamlakat va hududga vizasiz sayohat qiliş imkoniyatiga ega. Afğoniston esa reytingni yakunlab bermoqda – uşbu mamlakat pasporti egalari 22 ta davlatga vizasiz borişi mumkin.

Özbekistonlik erkak AQŞda 12 mln dollarlik yuklarni öğirlagani aytilyapti

Özbekistonlik erkak AQŞda 12 mln dollarlik yukni öğirlaganlikda ayblanyapti. Mazkur ayblov böyiça iş 21 oktyabr kuni AQŞning Brijport federal sudida körib çiqildi. Sudda erkak aybiga iqror bölmagan. 

Gap şundaki, 22 sentyabr kuni Nyu-Xeyvendagi federal katta sudyalar hay’ati özbekistonlik 33 yoşli Nursulton Haydarovga nisbatan ayblov xulosasini çiqargan. Agar u til biriktiriş ayblovi böyiça aybli deb topilsa, 5 yilgaça ozodlikdan mahrum etilişi mumkin. Konnektikut okrugi böyiça AQŞ prokurorining hisobotida Haydarov iştirok etganlikda gumonlanayotgan jinoiy til biriktiriş tafsilotlari bayon qilingan.

Sud hujjatlari va bayonotlari Milliy xavfsizlik böyiça tezkor guruh Kaliforniya va boşqa ştatlardagi joylardan sodir etilgan bir qator yuk öğriliklarini suriştirayotganini körsatadi.

Tergovçilarning bildirişiça, 2025 yilning sentyabr oyidan beri Haydarov va uning ehtimoliy jinoyatçi şeriklari bir neçta avtotransport taşuvçi kompaniyalarni sotib olgan yoki boşqaça tarzda nazorat ostiga olgan.

Şundan söng, ular uşbu korxonalarning AQŞ Transport vazirligi raqamlari (USDOT), avtotransport taşuvçisining identifikatsiya raqamlari (MC), elektron poçta hisoblari va egalarining şaxsiy ma’lumotlarini özlaştirib olgan.

Prokurorlar uşbu şaxslarni avvalgi biznes egalari nomidan iş körganlikda va ştatlararo yuk taşiş böyiça şartnomalarni qölga kiritiş uçun mavjud korxonalarning obrösi hamda işonçidan foydalanganlikda ayblamoqda. Ştatlararo yuk taşiş böyiça yuk brokeri bilan şartnoma tuzilgandan söng, haydovçi yukni tarqatiş markazidan olib ketgan.

Şunga qaramay, hisobotda qayd etilişiça, köplab yuklar heç qaçon manzilga yetkazilmagan va öğirlangan deb xabar qilingan. Ba’zi hollarda jinoyatçilikda gumonlanayotgan şaxslar öğirlangan tovarlarni qaytariş evaziga hatto tovon puli ham talab qilgan.

Ayblov xulosasiga köra, Haydarov AQŞda qonuniy doimiy yaşovçi (Green Card egasi) maqomiga hamda Nyu-Jersi ştatining haqiqiy tijorat haydovçilik guvohnomasiga ega bölgan.

Şuningdek, u “Sayid Maxmudarov”, “Rustam Mavlonov”, “Dmitriy Aganin”, “Roman Smirov” va “Qayrat Nurtas” nomlariga berilgan soxta haydovçilik guvohnomalariga ega bölgani aytilmoqda.

Prokurorlarning bildirişiça, uşbu şaxsni tasdiqlovçi hujjatlarning har birida Haydarovning yuz tuzilişi özgartirilgan fotosurati joylaştirilgan. Yakuniy ayblovga köra, uşbu jinoiy fitna kamida 24 ta yukni öğirlaşni öz içiga olgan va ular 12 mln dollar ekani aytilmoqda. 

Haydarov joriy yilning 1 iyun kuni hibsga olingan. U sud tomonidan aybli deb topilmaguniça gumonlanuvçi hisoblanadi. 


Doʻstlaringiz bilan ulashing