“Suriya” yoki “koreys” ssenariysi bo‘lmaydi. Ukrainadagi urush qanday tugashi aytildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainadagi urush “Suriya” yoki “Koreys” ssenariysi bo‘yicha tugashi mumkin emas. Yagona variant – Ukraina Qurolli kuchlarining g‘alabasi va barcha bosib olingan hududlarni ozod qilish. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov “Ukrayinska pravda” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Reznikov urushning tugash ssenariylarini tahlil qilar ekan, Ukrainadagi jangovar harakatlar “Koreya ssenariysi” bo‘yicha tugamasligini, chunki Rossiya 2014 yildayoq qurolli mojaroni muzlatish imkoniyatini boy berganini aytgan.

Shu bilan birga, Reznikov Ukrainada “Suriya” ssenariysini qo‘llash ham mumkin emas, deb hisoblaydi.

“Suriyaga kelsak, ruslarning ham resurslari tugab bormoqda: ham insoniy, ham qurolli. Aksincha, bizda hamkorlar qo‘shilmoqda. Ya’ni, ular aytganidek, jamoaviy G‘arb, sivilizatsiyalashgan G‘arb, bugungi kunda bizning g‘alabamizdan ko‘proq manfaatdor”, deya tushuntirgan vazir.

Reznikovning qo‘shimcha qilishicha, dunyo global iqtisodiy muammolar bilan ro‘baro‘ kelganda ba’zi siyosatchilar Ukraina va Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tkazishni orzu qila boshlaydi.

“Shuning uchun, biz tegishli qarorlar, Qurolli Kuchlarning harakatlari, sheriklarning qurol-yarog‘larini ko‘paytirish va Ukraina Qurolli Kuchlari, butun xavfsizlik va mudofaa sektori bo‘lgan ishonch tufayli iloji boricha g‘oliblik pozitsiyasida bo‘lishimiz kerak. Men bu amalga oshadigan reja ekanligiga mutlaqo ishonaman”, deya ta’kidlagan vazir.

Avvalroq Reznikov urushning issiq bosqichi qish boshlanishiga qadar tugashiga umid qilayotganini ochiqchasiga aytgan edi. Biroq intervyuda Mudofaa vazirligi rahbari ukrainalik askarlarning xandaqlardan chiqib ketishini nazarda tutmaganini aytib, so‘zlariga oydinlik kiritgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

52

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing