Stoltenberg Polshadagi voqea bo‘yicha barcha faktlarni aniqlashga chaqirdi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya raketalarining Polshada qulashi bilan bog‘liq voqea haqidagi barcha faktlarni aniqlashga chaqirdi. Bu haqda blok rahbari Twitter’dagi sahifasida yozgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda NATO ittifoqchilari Polshada Ukraina bilan chegarada sodir bo‘lgan voqea yuzasidan maslahatlashmoqda. 

“NATO vaziyatni kuzatmoqda va ittifoqchilar yaqindan maslahatlashmoqda. Barcha faktlar aniqlanishi muhim”, deydi Stoltenberg. 

Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi, shuningdek, hodisa oqibatida odamlarning halok bo‘lgani munosabati bilan Polsha Prezidenti Anjey Dudaga hamdardlik bildirganini aytdi. 

Bundan tashqari, NATO Polshadagi hodisa bo‘yicha Shimoliy Atlantika kengashining elchilar darajasida yig‘ilishini o‘tkazadi. Bu haqda kecha, 15 noyabr kuni kechqurun Bryusseldagi jurnalistlarga alyansning rasmiy vakili ma’lum qildi. 

Yig‘ilish bugun, 16 noyabr kuni Bryusselda blok bosh kotibi Yens Stoltenberg raisligida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni tushdan keyin Rossiya armiyasi Ukrainaga yirik raketa hujumi uyushtirgan paytda Polsha hududiga ikkita raketa tushdi. Raketalar Ukraina bilan chegaradan besh kilometr uzoqlikda joylashgan Lyublin voyevodaligi (Polshadagi eng yirik ma’muriy birlik)ning Pshevoduv qishlog‘i hududiga tushgan. Hodisa oqibatida portlash yuz bergan, ikki kishi qurbon bo‘lgan.  

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga Polshadagi voqea haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalarining Pshevoduv aholi punkti hududida qulashi haqidagi bayonotlarini "vaziyatni keskinlashtirish uchun ataylab qilingan provokatsiya" deb atadi.  

AQSH Prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, dastlabki ma’lumotlar Polsha hududiga tushgan raketani Rossiya uchirganini tasdiqlamagan


Maqola muallifi

Teglar

NATO Yens Stoltenberg

Baholaganlar

50

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing