Sodda odamlar “provokatsiyalar”ga uchib qolishi mumkin – Kusherboyev Qozog‘istondagi voqealar haqida

Jamiyat

image

“Shu kunlarda yana bir bor tinchlikning aslida qanday ne’matligi, oila bag‘rida eson-omon turmush kechirish neligini o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri kelayapti, ko‘p narsani tushunayapmiz”. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi. U Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildararkan, ayrim sodda va ishonuvchan insonlarni noma’lum kuchlarning “provokatsiyasi”ga uchib qolishi mumkinligini urg‘uladi. 

“Qarindosh va do‘st-u birodarlarim yashaydigan Qozog‘istondagi voqealar ko‘pchilik qatori meni va oilamizni ham xavotirga solmoqda. Aloqa qilish imkoniyati cheklangani sababli halovatimiz yo‘qolgan.

Shu kunlarda yana bir bor tinchlikning aslida qanday ne’matligi, oila bag‘rida eson-omon turmush kechirish neligini o‘ylab ko‘rishga to‘g‘ri kelayapti, ko‘p narsani tushunayapmiz.

Qozog‘istondagi notinchlik tezroq bartaraf bo‘lishi, odamlar o‘zlarining kundalik tinch turmushiga qaytishini chin dildan istayapmiz. Ayniqsa, ayrim sodda va ishonuvchan insonlarni noma’lum kuchlarning “provokatsiyasi”ga uchib qolishi mumkinligi tashvishga solyapti.

Nima bo‘lganda ham bo‘layotgan ishlar tez kunlarda bartaraf bo‘lib, tomonlar o‘zaro muloqot asosida yagona maqsad-tinchlik yo‘lida birlashib, mamlakat barqarorligini saqlab qolishlariga ishonamiz”, deydi deputat. 

U so‘zi so‘ngida qozog‘istonlik og‘a-ini va opa-singillariga mavjud vaziyatni bosiqlik va zakiylik bilan baholab, zo‘ravonliksiz, qat’iy iroda bilan yengib chiqishlariga tilak bildirgan.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.  Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

365

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing