Sobiq tuman hokimi xotinini kaltaklagani uchun qamaldi
3-sahifa
−
20 iyun
11511Qozog‘istonning Makat tumani sobiq hokimi Rinat Ibragimov sobiq xotinini kaltaklagani uchun qamoqqa olindi. Bu haqda mamlakat Oliy sudi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sobiq hokim ayolning sog‘lig‘iga o‘rtacha og‘irlikda shikast yetkazgan. Atirau shahri sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan jinoyat ishida Ibragimovning qilgan ishlari tahlil qilinib, sud uni ikki yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
Shuningdek, erkak jabrlanuvchiga tovon sifatida 2 million tenge (4 ming dollardan ortiq) kompensatsiya to‘laydi. Biroq jabrlanuvchi suddan kattaroq miqdorni talab qilgan.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, er-xotin o‘rtasidagi mojaro 2023 yilning 31 may kuni boshlangan. O‘zaro janjal chog‘ida Ibragimov turmush o‘rtog‘i Akmaral Umbetkaliyevaning chap son qismiga bir necha marta tepib, umurtqa suyagini sindirib yuborgan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, sobiq turmush o‘rtog‘i 11 yillik turmushi davomida uni muntazam ravishda kaltaklagan va o‘tgan yilgi mojarodan so‘ng bolalarini undan tortib olgan. Ibragimov ayblovlarni rad etib, ularni tuhmat deb atagan. Shundan so‘ng, unga nisbatan ichki tergov boshlanib, bir necha kundan keyin lavozimidan ozod etilgan.
“Jinoyat kodeksining 107-moddasi 2-qismi 3-bandi (Jinoyat sodir etgan shaxsga moddiy yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan sog‘lig‘iga o‘rtacha og‘irlikda shikast yetkazish) bo‘yicha jinoiy ish ko‘rildi. Ayblanuvchining aybi jabrlanuvchining ko‘rsatmasi, ekspert xulosasi va boshqa dalillar bilan isbotlangan”, deyiladi Qozog‘iston Oliy sudining xabarida.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning noyabr oyida Qozog‘istonning Ostona shahridagi restoranlardan birida bitta ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgandi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning rafiqasi bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Aprel oyida vazir sudda bergan ko‘rsatmasini o‘zgartirdi. May oyi boshlarida Bishimbayevga sud hukmi o‘qilib, sobiq amaldor 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shundan so‘ng, Olmaotada “Feminita” harakati a’zolari ushbu sud hukmiga nisbatan o‘z noroziligini bildirib, namoyish boshladi. Sal o‘tib, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Nukenova va Bishimbayev o‘rtasida nikoh o‘qigan imom jazolanganini ma’lum qildi. Bishimbayevning advokatlari esa sud hukmidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati kiritmoqchi ekanligini aytib o‘tdi.
LiveBarchasi