Qozog‘istonda bir ayol kaltaklanib o‘ldirildi. Qotillikda sobiq vazir gumonlanmoqda
Olam
−
10 noyabr 2023
11322Qozog‘istonning Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etdi. Bu haqda shahar politsiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqan, oqibatda ayol tan jarohatlari tufayli vafot etgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 201-moddasi “sudgacha bo‘lgan tergov ma’lumotlarini oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi”ga muvofiq, ushbu jinoiy ish bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni taqdim etishning iloji yo‘q”, deyiladi Ostona politsiya boshqarmasi xabarida.
Shu bilan birga, qator ommaviy axborot vositalari Qozog‘iston Respublikasining sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘z rafiqasini o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingani haqida xabar tarqatdi.
Politsiya gumonlanuvchi va marhumning shaxsiga aniqlik kiritmagan.
“9 noyabr kuni soat 19:54 da shahar tez tibbiy yordam stansiyasining boshqaruv pultiga qo‘ng‘iroq kelib tushdi. Tez yordam brigadasi yetib kelgach, 1992 yilda tug‘ilgan ayolning o‘limi tasdiqlandi”, deyiladi Ostona Sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.
“Orda.kz” nashrining yozishicha, o‘ldirilgan ayol Saltanat Nukenova bo‘lib, u sobiq vazirning ikkinchi xotinidir.
“Mutaxassislar tomonidan tekshirilganda, marhum Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izlari topilmadi. Faqat tananing yumshoq to‘qimalarining gematomalari, shuningdek, bosh sohasida jarohatlar topildi. Taxminlarga ko‘ra, boshiga to‘mtoq buyum bilan berilgan kuchli zarba uning o‘limiga olib kelgan”, deb yozadi “Orda.kz” o‘z ismini aytishni istamagan ostonalik sud-tibbiyot ekspertiga tayanib.
Nashrning xabar berishicha, gumonlanuvchi Bishimbayev mast bo‘lgan.
“Qo‘lga olingan Kuandik Bishimbayevning xotinini kaltaklab o‘ldirganiga kelsak, u mast bo‘lgan. Ammo u qanday moddalar – alkogol yoki giyohvandlik ta’sirida bo‘lganligi ekspertiza natijalariga ko‘ra aniqlanadi. Jinoyat joyida pichoq bo‘lgan, biroq avval xabar berganimizdek, politsiya yetib kelganida Bishimbayev pichoq bilan o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qilgan”, deyiladi nashr maqolasida.
43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.
2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.
LiveBarchasi