Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi: Bishimbayev sudda bergan ko‘rsatmasini o‘zgartirdi

Olam

image

Rafiqasi Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishida ayblangan Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev sudda o‘z ko‘rsatmasini o‘zgartirdi. Bu haqda “Informburo.kz” xabar berdi.

Kecha, 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida Bishimbayev Nukenovaga nashatir (ammiak) berganida ikkinchi sudlanuvchi Baxitjan Bayjanov (Bishimbayevning qarindoshi, “Gastromarkaz” direktori) vip-kabinada u bilan birga bo‘lganini va uni hushiga keltirmoqchi bo‘lganini aytgan.

“U nashatir va bint bilan keldi. Saltanatning burniga nashatir hidlatganimni kuzatib turdi. Keyin u hushiga kelmaganini ko‘rgach, tez yordam chaqirishni taklif qildi”, deydi Kuandik Bishimbayev.

Sudya Ayjan Kulbayeva esa Bishimbayevning gapini bo‘lib, u ilgari bu ish bo‘yicha yolg‘on ko‘rsatma berganmi yoki yo‘qligini so‘radi, chunki sobiq vazir avvalroq Bayjanov u bilan birga kabinada bo‘lmaganini aytgan edi.

“Ayblanuvchi Bishimbayev, bir daqiqa. Ammo so‘roq paytida, nashatirni avval o‘zingiz hidlaganingizni, keyin jabrlanuvchiga hidlatganingizni aytishgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha safar yolg‘on gapirgan ekansiz, shundaymi? Siz hamma narsani o‘zingiz qilganingizni aytgandingiz. Demak, oldingi uchrashuvlarda siz yolg‘on gapirdingiz”, deya so‘ragan Bishimbayevdan sudya.

Shundan so‘ng Bishimbayev Bayjanov unga bosim o‘tkazganini bildirgan.

Advokat Gazimjanovning qo‘shimcha qilishicha, Bishimbayev moliyaviy jihatdan Bayjanovga qaram bo‘lgan.

“Bayjanovning (vip-kabinada) borligi nuqtai nazaridan, u nashatir olib kelgani, uni ushlab turgani va Bayjanov menga bosim o‘tkazgani uchun men bu faktni boshqacha ko‘rsatdim”, deydi Bishimbayev.

Advokat Gaziz Intiqboyevning ta’kidlashicha, Baxitjan Bayjanovning o‘zi birinchi marta nashatir haqida ko‘rsatma bergan.

Advokatga ko‘ra, bu fakt haqida yolg‘on gapirishdan ma’no yo‘q edi.

"Bu sodir bo‘lmadi (men vip-kabinaga kirmadim). U aslida qotil. Men hatto haqiqat uchun o‘tirishga ham tayyorman”, deydi Baxitjan Bayjanov.

Avvalgi sud majlislarining birida Baxitjan Bayjanov Kuandik Bishimbayev unga bosim o‘tkazayotganini aytib, ularni bir-biridan uzoqlashtirishni so‘ragan.

Keyinroq uning aniqlik kiritishicha, Bishimbayev undan tez yordam chaqirishganini tasdiqlashni talab qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida Saltanat Nukenova ismli ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning rafiqasi bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. 

Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq jism bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Hozirda Kuandik Bishimbayev ikki moddada ayblanmoqda:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 99-moddasi, 5-band, 2-qism ("O‘ta shafqatsizlik bilan qotillik");
  • Jinoyat kodeksining 110-moddasi, 1-band, 2-qism (“Qiynash”).

Uning qarindoshi, “Gastromarkaz” direktori Baxitjan Bayjanovga ham ikkita ayblov qo‘yilgan:

  • Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 432-moddasi (“Yashirish”);
  • Jinoyat kodeksining 434-moddasi ("Jinoyat haqida xabar bermaslik").

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘rilikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Saltanat Nukenova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing