Bishimbayevning xolavachchasi muddatidan oldin ozodlikka chiqdi
Olam
−
23 iyul 3216 3 daqiqa
Kecha, 22 iyul kuni Saltanat Nukenovani o‘ldirish ishi bo‘yicha qamalgan Baxitjan Bayjanov ozodlikka chiqarildi. Tegishli qaror sud tomonidan amnistiya akti qo‘llanilishi munosbati bilan qabul qilindi. Bu haqda “NewTimes.kz” xabar berdi.
“Bugun bo‘lib o‘tgan sud majlisida sud Baxitjan Bayjanovga nisbatan amnistiya aktini qo‘lladi va uni darhol ozod qilish haqida qaror chiqardi. Jazoning o‘talmagan qismi uch oydan sal ko‘proq vaqtni tashkil etayotgan edi. Bugunning o‘zidayoq Baxitjan o‘z oilasi bag‘riga qaytmoqda”, deydi advokat Gaziz Intiqbayev.
Baxitjan Bayjanovning ozod qilinishiga Oqmo‘la viloyat sudi matbuot xizmati izoh bergan.
“Mahkum og‘ir jinoyat sodir etgan. Muassasa tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga ko‘ra, Bayjanov salbiy xulq-atvorga ega emas. O‘talmagan muddat 3 oy 18 kunni tashkil etadi. Sud majlisi davomida mahkum amnistiya akti qo‘llanilishiga e’tiroz bildirmadi. Ko‘rsatilgan holatlarda sud muassasa taqdimnomasini qanoatlantiradi, asosiy jazoning o‘talmagan qismi miqdori qolgan butun muddatga qisqartirildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, hukm chiqarilgandan so‘ng Baxitjan Bayjanov bir necha bor ozodlikka chiqishga uringan. 2024 yilda uning iltimosnomasi sudyaga topshirilgan va u ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, o‘tgan yili ham Bayjanov amnistiya to‘g‘risidagi qonunga asosan jazo muddatini qisqartirishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
Bishimbayev ishi
2023 yilning 9 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quandik Bishimbayevning turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenova tan jarohati olib, Ostonadagi restoranlardan birida vafot etdi. Sud jarayoni ochiq rejimda o‘tdi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudining YouTube-kanalida onlayn translyatsiya qilib borildi. Sud jarayonida hakamlar hay’ati ishtirok etdi. 2024 yilning may oyi o‘rtalarida Saltanat Nukenovani o‘ldirish va qiynoqlar qo‘llashda ayblanib, Quandik Bishimbayev 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning qarindoshi (xolasining o‘g‘li) Baxitjan Bayjanov esa jinoyatni yashirishda aybdor deb topilib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Keyinroq Quandik Bishimbayev ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyati berilgan. 11 iyun kuni apellyatsiya shikoyati Ostona sudiga topshirildi. 2024 yil 26 iyun kuni Ostona sudi sud hay’ati tomonidan Quandik Bishimbayev va Baxitjan Bayjanovning apellyatsiyasi bo‘yicha qabul qilingan qarorni e’lon qildi. Har ikki mahkumga nisbatan chiqarilgan hukmlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuandik Bishimbayevning jazoni o‘ziga tayinlangan joyda o‘tamayotgani, balki butunlay qochib ketgani haqida tarqalgan xabarlarga Jinoiy jazolarni ijro etish tizimi qo‘mitasi munosabat bildirgandi. Sobiq vazirning “g‘oyib bo‘lishi” haqida AIRAN jurnalistlari xabar bergandi. Ular suddan so‘ng Bishimbayev Arshali qishlog‘i yaqinidagi koloniyaga jo‘natilishi kerak bo‘lganini aytgan. Telekanalning suratga olish guruhi koloniyada hukm qilingan shaxs borligini tekshirishga borgan, ammo uni topa olmagan.
Shu zahoti ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarilib, sobiq amaldor go‘yo uzoq vaqt ozodlikda, eng yomoni esa – ayni paytda xorijdaligi haqida taxminlar paydo bo‘lgan. Biroq jazoni ijro etish xizmati Bishimbayevning qochgani haqidagi ma’lumotni darhol inkor etgandi.
Shuningdek, rafiqasi Saltanat Nukenovaning vahshiylarcha o‘ldirilishida aybdor deb topilib, 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Qozog‘istonning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘zi jazo o‘tayotgan koloniya ma’muriyatini sudga bergandi. U muassasa tomonidan rag‘batlantirilmayotgani sabab sudga ariza bilan murojaat qilgan.
Live
Barchasi