Bishimbayevning apellyatsiyasi ham onlayn translyatsiya qilinadi
Olam
−
21 iyun
5309Kuandik Bishimbayev va qarindoshi Baxitjan Bayjanovning apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqadigan sud hay’atining yig‘ilishlari jonli efirda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Respublika Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Bishimbayev va Bayjanovga nisbatan jinoiy ish allaqachon apellyatsiya sudiga yuborilgan, deya eslatdi sud. Birinchi uchrashuv joriy yilning 26 iyun kuniga belgilangan.
“Jamoatchilikning sud muhokamasiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini inobatga olib, apellyatsiya instansiyasi sud majlislarining onlayn translyatsiyasini davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
13 may kuni Ostona sudi mamlakatning sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevni 24 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U o‘ta shafqatsizlarcha qotillik sodir etganlikda, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani qiynoqqa solganlikda aybdor deb topildi. Bishimbayevning xatti-harakatlari xavfli retsidiv sifatida malakalandi. Hukm kuchga kirsa, sobiq vazir jazo muddatining kamida 16 yilini o‘tab, faqat 2040 yildan keyingina shartli ravishda ozodlikka chiqarilishi mumkin.
Uning qarindoshi Baxitjan Bayjanov esa o‘ta og‘ir jinoyatni yashirganlikda aybdor deb topilib, to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Kuandik Bishimbayev o‘z murojaatida qilmishlarini ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish sifatida qayta tasniflashni, ish bo‘yicha ikkinchi sudlanuvchi Baxitjon Bayjanov esa o‘z harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi sababli oqlashni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev va uning qarindoshi Baxitjan Bayjanovning apellyatsiyasi 26 iyunga belgilangandi. Hukm ustidan apellyatsiya shikoyati mahkumlar va ularning himoyachilari tomonidan berilgan.
LiveBarchasi