Bishimbayev sud hukmi ustidan shikoyat qilmoqchi
Olam
−
14 may
6250Kecha, 13 may kuni Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirgani uchun 24 yil qamoq jazosiga hukm qilingandi. Biroq uning advokatlari sud hukmidan norozi va apellyatsiya shikoyati kiritmoqchi. Bu haqda advokatlardan biri Leyla Ramazonova “Orda.kz”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ha, biz shikoyat qilamiz. Albatta, biz hukmga rozi emasmiz. Hujjatlarni hali olmaganmiz, qanday rejalarimiz borligini ayta olmayman. Hukm e’lon qilinganidan keyin besh kundan kechiktirmay ularni qabul qilishimiz kerak”, deydi Leyla Ramazonova.
Ayni paytda jabrlanuvchining advokati Janna O‘razbaxova sud jarayonlaridan qoniqish hosil qilganga o‘xshaydi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida hakamlarga xolislik va adolatlilik uchun minnatdorlik bildirgan.
"Hakamlar hay’atida juda ko‘p ayollar bor edi, men ularning qanday azob chekayotganini ko‘rdim. Ishingiz uchun rahmat", deb yozgan u.
“Orda.kz” xabariga ko‘ra, agar hukm o‘zgarishsiz qolsa, Bishimbayev jazoni Arshalidagi koloniyada o‘taydi.
Ma’lumot uchun, mazkur sud jarayonining dastlabki eshituvlari ikki oydan ortiq davom etdi. Natijada hakamlar hay’ati ko‘pchilik ovoz bilan hukm chiqardi: Kuandik Bishimbayev aybdor, u 24 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Baxitjan Bayjanov jinoyatni yashiringanligi uchun 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
O‘ldirilgan Saltanat Nukenovaning ukasi Aytbek Amangeldi bu jazoni "amalda umrbod" deb atadi, chunki 24 yildan keyin Bishimbayev 68 yoshga to‘ladi.
LiveBarchasi