Slovakiya Ukrainaga S-300 yetkazib berdi
Olam
−
08 aprel 2022
11715Slovakiya o‘zidagi S-300 havo hujumidan mudofaa tizimlarini Ukrainaga berdi. Slovak matbuotining yozishicha, yetkazib berish ikki kun davom etgan.
Mudofaa vazirligi S-300 ni dastlab sharqiy chegaraga yaqin joyga ko‘chirgan, keyin esa uni Ukrainaga o‘tkazgan. Keyinroq qurol Ukrainaga o‘tkazilganini mamlakat Bosh vaziri Eduard Xeger tasdiqladi.
“Bu mas’uliyatli qaror bo‘lib, unga ko‘ra Slovakiya Respublikasi tinchlik, erkinlik va inson huquqlarini himoya qilishni targ‘ib qiluvchi mamlakat sifatida Ukraina va uning begunoh fuqarolariga sof mudofaa tizimi ko‘rinishida yordam beradi va biz ishonamizki, bu iloji boricha ko‘proq begunoh ukrainaliklarni Putin rejimining keyingi tajovuzlaridan qutqarishga tizim yordam beradi. Qurolni sovg‘a qilish Slovakiya Respublikasi Ukrainadagi qurolli mojaroning bir qismiga aylanganini anglatmaydi. Shuningdek, sizni ishontirib aytamanki, Slovakiya Respublikasining mudofaasi hali ham ta’minlangan va yaqin kunlarda ittifoqchilarimizning qo‘shimcha raketaga qarshi mudofaa tizimi bilan mustahkamlanadi”, degan Bosh vazir.
Mudofaa vaziri Nay bundan oldin S-300 lar Slovakiya Qurolli Kuchlariga muqobil qurol yetkazib berilsagina foydalanishdan chiqarilishini aytgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi