Shoygu Ukrainadagi urushni tezlashtirishga ko‘rsatma berdi
Olam
−
03 iyun 2022
16225Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Ukrainadagi urush tezligini oshirish uchun yangi vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Mudofaa vazirligi rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha axborotda aytib o‘tgan.
"Sergey Kujugetovich keyingi taktikalarni takomillashtirishni nazarda tutuvchi yangi vazifalarni belgilab oldi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar hujumkor manevrlar samaradorligini sezilarli darajada oshiradi, bu esa urushni tez sur’atlar bilan o‘tkazishga yordam beradi", deydi Qodirov.
Bundan tashqari, Shoygu Qodirovdan chechen jangchilariga Ukraina harbiylariga qarshi kurashga qo‘shgan katta hissasi uchun samimiy minnatdorlik so‘zlarini yetkazishni so‘ragan.
"Biz Ukrainada urush boshlangan dastlabki kunlardanoq Checheniston harbiy bo‘linmalari Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini his qilyapmiz. Ishonchim komilki, bizning kelgusidagi hamkorligimiz Oliy qo‘mondon tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi", deydi Checheniston rahbari.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi