Shoygu Luganskni egallash tez orada tugashini e’lon qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ukrainaning Lugansk viloyatini Rossiya harbiylari tomonidan egallanishi yakunlanmoqda. Bu haqda bugun, 20 may kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu harbiy idora kollegiyasida aytib o‘tdi.

“Rossiya qurolli kuchlari guruhlari Lugansk va Donetsk xalq respublikalari xalq militsiyasi bo‘linmalari bilan birgalikda Donbass hududlari ustidan nazoratni kengaytirishda davom etmoqda. Lugansk Xalq Respublikasini ozod qilish yakuniga yetmoqda”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari rus qo‘shinlarining oldinga siljishini kechiktirishga urinib, mahalliy aholini shahar va qishloqlardan tashqariga chiqarmayapti va ulardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda. 

“Mag‘lubiyatga uchragan Kiyev rejimi ba’zi sohalarda hech bo‘lmaganda qisqa muddatli muvaffaqiyatlarga erishishga intilmoqda va ularni ulkan qilib ko‘rsatmoqda”, deydi vazir.

Qayd etilishicha, “maxsus harbiy operatsiya” boshlangandan beri 1 million 377 mingdan ortiq odam DXR va LXRning xavfli hududlaridan, shuningdek, Ukrainadan Rossiya Federatsiyasiga evakuatsiya qilingan. 

“Ta’kidlashni istardimki, Rossiya qurolli kuchlari tinch aholi o‘limiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilmoqda. Buning uchun insonparvarlik yo‘laklari doimiy ravishda ishlamoqda. “Maxsus harbiy operatsiya” boshlangandan beri Rossiyaga xalq respublikalarining xavfli hududlari, shuningdek, Ukrainadan 1 million 377 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi”, degan Shoygu.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing