Shoygu AQSH va NATOni ogohlantirdi

Olam

image

Ukraina Qurolli Kuchlariga yordam sifatida ushbu mamlakat hududiga kirgan NATOning barcha avtomobillari yo‘q qilinadi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu konferensiyada ma’lum qildi. 

"Amerika Qo‘shma Shtatlari va NATO ittifoqchilari Ukrainaga qurol-yaroq tashlashda davom etmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tamanki, Shimoliy Atlantika alyansining Ukraina Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun qurol yoki materiallar bilan ushbu mamlakat hududiga kelgan har qanday transporti yo‘q qilish uchun qonuniy nishon hisoblanadi”, deydi Shoygu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush davomida rossiyalik harbiylar “mardlik va jasorat ko‘rsatmoqda, o‘z harbiy burchini sharaf bilan bajarmoqda, Donbass aholisi xavfsizligini ta’minlamoqda”. 

“Rossiya Qurolli Kuchlari oliy Bosh qo‘mondon (Vladimir Putin – tahr.) tomonidan qo‘yilgan barcha vazifalarni bajarishda davom etadi”, deydi vazir.

Mariupolni nazorat qilish

Mudofaa vazirligi rahbarining ma’lum qilishicha, rossiyalik harbiylar Donbasning Mariupol shahrini nazoratiga olgan.

“Lugansk xalq respublikasi, Donetsk xalq respublikasi va millatchilardan ozod qilingan Ukraina hududlarida tinch hayot o‘rnatilmoqda. Jumladan, Azov dengizidagi eng yirik sanoat va transport markazi ham. U Rossiya armiyasi nazoratida", deydi Shoygu.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH Pentagondan Ukraina kuchlariga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, jumladan artilleriya, bronetransportyorlar va dronlar o‘tkazmoqda. Harbiy yordam yetkazib berishda yana o‘ttizdan ortiq mamlakat ishtirok etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Bayden Kongressdan Ukrainaga gumanitar va harbiy yordam sifatida 33 milliard dollar so‘radi. Bayden so‘ragan mablag‘ga 8,5 milliard dollar iqtisodiy yordam va 3 milliard dollar gumanitar va oziq-ovqat yordami kiradi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

180

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing