Shols Shtaynmayerga qo‘pollik sabab Kiyevga bormayotganini aytdi
Olam
−
03 may 2022
9358Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerni qabul qilishdan bosh tortgani uchun sobiq Sovet respublikasiga tashrif buyurmayapti. Bu haqda u ZDF nashri bilan suhbatda aytib o‘tgan.
“Bild” nashri Ukraina hukumat doiralariga tayanib, Zelenskiy so‘nggi yillarda Shtaynmayerni “Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lgani uchun” Kiyevda mehmon qilishdan bosh tortgani haqida xabar bergandi. Nashrning yozishicha, u 13 aprel kuni Ukrainaga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Shtaynmayer Polsha, Litva, Latviya va Estoniya rahbarlari bilan birga Kiyevga borishga tayyorligini, biroq u yerda uning mavjudligi istalmagan deb hisoblanganini tushuntirgan.
“Bu (kanslerning Kiyevga tashrifiga – tahr.) halal beryapti”, degan Shols Ukrainaga tashrif borasida fikr bildirib.
Kansler Shtaynmayerni qabul qilishdan bosh tortishni “juda ko‘zga ko‘rinarli voqea” deb atagan.
“Bunday qilish noto‘g‘ri. Xavfsizlik kafolatlari uchun zarur bo‘lgan harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatayotgan davlatga: “Prezident kelishi mumkin emas” deyilmasligi kerak”, degan Shols.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi