Shols Ukrainadan bo‘layotgan tanqidlarga javob qaytardi
Olam
−
21 iyun 2022
10226Germaniya Ukrainaga kerakli harbiy yordamni ko‘rsatib kelmoqda. Bu haqda GFR kansleri Olaf Shols “Münchner Merkur” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bu mamlakatda ular aytgan ko‘p narsa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ayrimlar esa masalaning murakkabligini yetarlicha baholamayapti”, deydi u.
Kansler agar Germaniya eng ilg‘or qurol tizimlari, masalan, gaubitsa yoki zenit tizimlarini yetkazib bersa, askarlar ulardan foydalanishga yaxshi o‘rgatilgan bo‘lishi kerakligini, aks holda bu qurollar samarasiz bo‘lishini, bundan tashqari, bunday tizimlarga o‘q-dorilar kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Sholsning ta’kidlashicha, harbiy texnikani dilerlik do‘konlarida mashinalar kabi sotib olish mumkin deb o‘ylagan har bir kishi juda adashadi.
“Tanqidga chidashim kerakligini tushunaman. Ammo men o‘zimni muvozanatli yo‘nalishdan qaytarishga yo‘l qo‘ymayman”, deya xulosa qildi kansler.
Qayd etish kerakki, Ukrainadagi turli amaldorlar Germaniyani qurol yetkazib berishni haddan tashqari cho‘zib yuborishda aybladi. Prezident Zelenskiy Davosdagi forumda chiqish qilib, Ukrainaga u so‘rayotgan barcha qurollar kerakligini ta’kidladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi