Shifokorning o‘limida kim aybdor? U vafotidan avval nega ruhiy shifoxonaga yuborilgandi?
Intervyu
−
14 Sentabr 2020
26859Avvalroq, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh shifokorning hibsga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
QALAMPIR.UZ shifokorning hibslanishi va unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov bilan suhbatlashgan edi. Yo‘limiz viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga tushdi.
Shifokor, tajribali reanimatolog Farrux Rustamov COVID-19 ga chalinib, avvaliga Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolangan. Keyin u 1 avgust kuni og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga olib kelib tashlangan va vafot etgan. Biz voqea tafsilotlarini yanada chuqur o‘rganish maqsadida ushbu shifoxona Bosh shifokori Feruza Shonosirovaga mikrofon tutdik.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Feruza Abdullayevna, o‘sha kuni bo‘lib o‘tgan voqealarni esga olsak. COVID-19 tashxisi bilan davolanayotgan bemor qanday qilib sizning shifoxonangizga kelib qoldi?
Feruza Shonosirov, Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori: — 2020 yilning 1 avgust kuni soat taxminan 15:00-16:00 atrofida Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva menga qo‘ng‘iroq qilib, “menda bir bemor bor, uni sizning shifoxonangizga o‘tkazishimiz kerak”, dedilar. Men ularga “qanday qilib u bemorni bizga o‘tkazasiz, axir sizning muassasangizda COVID-19 ga chalingan bemorlar davolanadi”, dedim. U kishi uning COVID-19 ga chalinganini rad etdilar. “Guljahon Toirovna, siz bemorning kasallik tarixini o‘rganing, tekshiruv xulosalari bilan tanishing. COVID-19 ga chalinganmi yo yo‘q, aniqlang. Agar u siz aytgandek, COVID-19 ga chalinmagan bo‘lsa, qanday qilib sizning shifoxonangizda yotibdi? Ustiga-ustak, sizning shifoxonangizning Jonlantirish bo‘limida yotibdi... Demak, u bemorda haqiqatan ham ushbu kasallik bor. Siz uning kasallik tarixi bilan tanishing”, dedim.
Shundan keyin u kishi biroz vaqt kasallik tarixini varaqladilar. Orada sukunat bo‘ldi. Keyin “u haqiqatan ham COVID-19 ga chalingan ekan”, dedilar. Men ularga shunday savol berdim: siz COVID-19 ga chalingan bemorni qay tarzda, qanday ahvolda, qaysi reja bilan umuman bu kasallikni davolashga moslashtirilmagan shifoxonaga o‘tkazmoqchisiz? “Bemorda psixoz holati kuzatilyapti”, deb javob berdilar. Men ularga shunday javob berdim: bemordan psixoz holatini aniqlash uchun psixiatrning bemor bilan suhbatini o‘tkazish kerak. Agarda bizning psixiatr-mutaxassisimiz bemorda psixoz holatini aniqlasa, shunda ham bemorni bizning shifoxonaga o‘tkaza olmaysiz.Chunki bizning shifoxona COVID-19 ga chalingan bemorlarni davolash va saqlash uchun tibbiy texnikalar bilan jihozlanmagan, dori-darmonlar bilan ta’minlanmagan. Shundan keyin Guljahon Yo‘ldosheva “psixiatr-shifokoringizni konsultatsiya uchun yuboring”, deb aytdilar. Shu bilan suhbatimiz tugadi.
Men Farrux Rustamov bilan suhbat o‘tkazish uchun o‘z mutaxassimizni tavsiya qildim(telefon orqali). U marhum bilan suhbat o‘tkazdi. Mutaxassis suhbatdan so‘ng menga “Bemorda hech qanday psixoz holati kuzatilmadi. Bemor og‘ir somatik ahvolda”, deb aytdi. Men undan “bunga aminmisiz”, deb so‘radim. U yana takror bemorda psixologik kasalliklar aniqlanmaganini aytdi.
Shunga qaramay, 1 avgust kuni kechasi soat 23:10 da bemorni tez yordam avtomobilida zambilda yotgan holatda olib kelib, tashlab ketishdi.
F.N.: — Bemorni kim qabul qilib olgan?
F.Sh.: — Bizning dispanser shifokori. U mening davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarim. Ularga bemor olib kelinayotgani haqida qo‘ng‘iroq bo‘lgan va qabul qilib olishlari so‘ralgan. “Axir u COVID-19 ga chalingan bemor bo‘lsa, men qanday qabul qilaman? Bizda bu kasallikka chalinganlarga yordam ko‘rsatish uchun sharoit mavjud emas”, deb aytgan. Shunga qaramay, baribir bemorni qoldirib ketishgan.
F.N.: — Tabiiyki, bemorni qabul qilish jarayonida uning kasallik tarixiga nazar solinadi. Uning kasallik tarixida COVID-19 ga chalingani va undan davolangani yozilganmidi?
F.Sh.: — Men bemor bizning shifoxonamizga o‘tkazilgandan keyin, 2 avgust kuni ertalab yetib keldim. Bu vaqt davomida bizning mutaxassimiz undagi o‘zgarishlarni kuzatgan. Insoniylik nuqtayi nazaridan ham qoldirib ketilgan bemorni ko‘chaga chiqarib qo‘ymaymiz-ku.
Unda psixoz holati aniqlanmagandan keyin, bizda davolanayotgan 120 nafar bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini o‘ylab, uni yana Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga qaytarish rejasi bilan ishga keldim. Ming afsuski, men ishga kelishimdan 5-10 daqiqa avval bemor hayotdan ko‘z yumgan.
Men uning kasallik tarixi bilan tanishganimda, COVID-19 ga chalingani, ikki tomonlama og‘ir kechuvchi zotiljam asorati bilan olib kelinganiga guvoh bo‘ldim. Bundan tashqari, uning qandli diabeti ham bo‘lgan. Hujjatda davolangan va sog‘aygan deb yozilgan edi.
F.N.: — Sizning shifoxonangiz xodimi 120 nafar bemorning hayotini xavf ostiga qo‘yib, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borishi mumkinmidi?
F.Sh.: — Maslahat o‘tkazgan shifokorimiz u yerga borgan bo‘lganida, shaxsiy himoya vositalarini kiyib, barcha qoidalarga rioya qilgan holda maslahat tashxisini o‘tkazib berardi. Shuning uchun ham u suhbatni telefon orqali o‘tkazgan. Lekin, bemorni joyidan qo‘zg‘atib, bizga olib kelinishi, tushunarsiz holat.
F.N.: — Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shikofori bilan bundan avval ham shunga o‘xshash holatlar ro‘y berganmi?
F.Sh.: — Yo‘q, bunday holatlar bo‘lmagan. Pandemiyadan avval ham Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarda u yoki bu ruhiy o‘zgarishlar kuzatilsa, o‘sha shifoxonaning davolovchi shifokori, albatta, psixiatriya muassasasiga qo‘ng‘iroq qilib, “bizga psixiatr tomonidan maslahat kerak”, deb yordam so‘rashardi. Mutaxassisimiz esa bemor davolanayotgan joyga borib, u bilan suhbatlashgach, uni bizning dispanserga o‘tkazish masalasi hal qilinar edi.
F.N.: — Hamkasb va ayol o‘laroq Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori haqida nima deya olasiz?
F.Sh.:— Guljahon Toirovna bilan bir necha yildan buyon hamkasbmiz. Ayol va ona sifatida yaxshi fazilatlari bor. Hech qachon ular bilan kelishmovchiliklarga bormaganmiz. Hamisha bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, bir-birimizni tushunib ishlab kelganmiz. Agar biror yordam kerak bo‘lsa, hamisha qo‘ng‘iroqlashib, bitta to‘xtamga kelib ishlaganmiz. Ammo ularda o‘sha kasalni nima uchun bizga o‘tkazish rejasi tug‘ilganini tushuna olmadim, tagiga yetolmadim. Ular bilib turibdilar, o‘zlari mutaxassis-infeksionist. Nimaga uning kasalligini bila turib ruhiy shifoxonaga yubordilar? Men buni haligacha tushunmayman. Nima bo‘lganda ham bir insonning hayoti hunuk yakun topdi. U juda ham yosh edi. Albatta, ayanchli holat.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi