Bosh shifokor nega qamaldi? U kimning o‘limiga sababchi bo‘ldi? – Chirchiq shahar prokurori bilan suhbat
Intervyu
−
13 Sentabr 2020
53569Avvalroq, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh shifokorning hibsga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
QALAMPIR.UZ shifokorning hibslanishi va unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov bilan suhbatlashdi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Baxtiyor Toirjonovich, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan tergov ishi qachon va nima asosida boshlandi?
Baxtiyor Ibrohimov, Chirchiq shahar prokurori: — Joriy yilning 10 avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qildi. U o‘z murojaatida qarindoshi – Chirchiq shahar Markaziy shifoxonasi Jonlashtirish bo‘limi reanimatologi Farrux Rustamov Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilib, u yerdan og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga aqli zaif sifatida yotqizilib, unga hech qanday reanimatsion muolajalar ko‘rsatilmasdan, jonlantirish choralari ko‘rilmasdan, kerakli muolajalar berilmasligi natijasida vafot etganini aytadi. Bu holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazildi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlarida aniqlanishicha, Chirchiq shahar Markaziy shifoxonasi Jonlantirish bo‘limi reanimatologi – 1981 yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandning otasi Farrux Rustamov Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan ko‘ngilli sifatida Zangiota tumanidagi COVID-19ga qarshi kurash markaziga borib, o‘z faoliyatini davom ettirgan. 14 kun mobaynida shifokorlik qilib, ko‘plab bemorlarning sog‘ayishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Shu bilan birga, Farrux Rustamov koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. U o‘zidagi o‘zgarishlarni his qilgach, Chirchiq shahrida joylashgan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifoxonada unga COVID-19 tashxisi qo‘yilgandan keyin, shifoxonaga yotqizilgan. Unga ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan o‘pkasi ikki taraflama 70 foiz zararlangani aytilgan. U sun’iy nafas berish moslamasiga ulanib, kislorod yetkazib berib turilgan. Uning o‘zi reanimatolog bo‘lgani uchun Jonlantirish bo‘limida kerakli muolajalar ko‘rsatilmagani sabab o‘z huquqini talab qilib, “qon bosimim tushib ketyapti, u yoki bu dorini yuboring, hayotim xavf ostida”, deb gapirganda, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori “Bu mahmadona ekan, ruhiy kasal bo‘lib qolibdi”, deb o‘sha vaziyatga to‘g‘ri baho bermasdan, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokoriga qo‘ng‘iroq qiladi va “Biz sizga og‘ir ahvoldagi bir ruhiy kasalni yuboramiz, uni qabul qilib, davolashingiz kerak, mutaxassis yuboring”, deb aytadi. O‘z navbatida viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori “Yo‘q, COVID-19ga chalingan bemor bo‘lsa, uni bizning shifoxonaga yubora olmaysiz, chunki Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridan kelgan 120 nafar bemor bor. Ularning hayotini xavf ostiga qo‘yish mumkin emas, bu borada Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bor. Agar COVID-19 ga chalingan bemor bo‘lsa, uni avval bu kasallikdan davolab, keyin bu yerga yuborish kerak”, degan javobni bergan. Shunga qaramay, Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori tegishli xulosalarni olmay, Sog‘liqni saqlash vazirligining Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizish bo‘yicha talablariga zid ravishda bemor Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda o‘tkir nafas yetishmovchiligi mavjudligi, reanimatsion muolajalarga muhtoj bo‘lishiga qaramasdan, og‘zida turgan kislorod yetkazib beruvchi moslamani olib tashlab, uni zambilga ortib, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga majburan olib borib tashlagan.
Ruhiy asab kasalliklari dispanseri COVID-19 ga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashmagan, sharoitlar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ular bemorni qabul qilib olishgan. Unga kerakli muolajalar ko‘rsatilgunga qadar, ya’ni kislorod yetkazib beruvchi moslama olib kelinguncha Farrux Rustamovning joni uzilgan.
Bundan tashqari, biz tergovga qadar surishtiruv mobaynida “agar marhum ruhiy kasal bo‘lsa, qanday qilib shifoxonaning Jonlantirish bo‘limida ishlashi mumkin edi”, degan savol bilan murojaat qilganimizda, “u COVID-19 infeksiyasiga chalingandan keyin ruhiy holati o‘zgargan, u menimcha, ruhiy kasal bo‘lib qoldi”, degan vaj bilan uni dispanserga yuborishgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, uni COVID-19 kasalligidan davolangan deb, kasallik tarixidagi ko‘plab muolajalar haqidagi faktlarni nobud qilib, yirtib tashlab, go‘yo Farrux Rustamov COVID-19 dan butkul sog‘ayib ketdi degan hujjat bilan kasallik tarixi yopilgan. Qolaversa, Rustamov Ruhiy asab kasalliklari dispanserida vafot etganidan keyin, tegishli tartibda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmasdan, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokorining xulosasiga asosan go‘yoki Farrux Rustamovning jasadi oila a’zolariga COVID-19 infeksiyasidan vafot etdi deb berilgan.
F.N.: — Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ikki shifoxona Bosh shifokorlarining o‘zaro suhbatida COVID-19 ga chalingan bemorni Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga joylashtirish mumkinmasligi aytilishiga qaramay, bemor olib kelinyapti. Uni qabul qilmaslik mumkin edi-ku.
B.I.: — To‘g‘ri, qabul qilmaslik mumkin edi. Lekin, odamgarchilik, o‘zbekona qadriyatlarimizdan kelib chiqib, shifokor og‘ir ahvolda kelgan bemorni men qabul qilmayman, deb aytolmasdi. Biz tergov davomida Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori bilan gaplashdik. Bemorni nega qabul qildingiz, o‘z vaqtida munosabat bildirsangiz bo‘lar edi-ku, deganimizda “Biz Gippokrat qasamini ichganmiz”, degan javobni berdi.
F.N.: — Gippokrat qasami o‘z yo‘liga. Lekin u yerda 120 nafar bemorning jonini xavf ostiga qo‘yib, COVID-19 ga chalingan bemorni qabul qilishining o‘zi ham qasamga teskari ish emasmi?
B.I.: — To‘g‘ri, juda asosli savol berdingiz. Ruhiy asab kasalliklari dispanserining bemorni qabul qilishiga asosiy sabab shundaki, bemorni shifoxonaga olib borgan Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlarining qo‘lida bemorning kasallik tarixi bo‘lgan. Unda esa bemor COVID-19 infeksiyasidan butkul tuzalib ketdi degan xulosa yozilgan. Shunga asosan Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Farrux Rustamovni qabul qilib olgan. U esa qabul jarayonining o‘zida vafot etgan.
F.N.: — Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemor sun’iy havo berish moslamasidan uzilgani haqidagi faktni o‘rtaga tashladingiz. Bunga guvohlar tergov jarayonida guvohlik berishgan, shundaymi?
B.I.: — Ha, to‘g‘ri. Tergov mobaynida aniqlanishicha, bemorning og‘zidan kislorod moslamasini olib, uni zambilga ortib, Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga olib borishgan. Buni ko‘rgan guvohlar bor. Olib borgan shifokorlar, tez yordam avtomobilining haydovchisi – hamma buni tasdiqlab beradi.
F.N.: — Yuqorida aytib o‘tdingizki, Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga olib kelinganda, bemorning kasallik tarixida COVID-19 dan butkul sog‘aygani qayd etilgan edi. Biroq, u ko‘p o‘tmay vafot etgan. O‘limidan keyin esa uning COVID-19 dan vafot etgani aytilgan. (!) Shuning o‘zi nomutanosiblik emasmi?
B.I.: — To‘g‘ri! Bu tergov davomida aniqlangan. Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizish uchun asos qilib, mutlaqo tuzalgani haqida xulosa berilgan. Aslida esa bemorning COVID-19 dan tuzalmaganini uni dispanserga olib borgan shifokor ham, uni qabul qilib olgan Bosh shifokor ham – hamma bilgan. Faqatgina ular hujjatlarni to‘g‘ri qilib qo‘yish maqsadida qalbaki ma’lumot kiritib, COVID-19 dan 100 foiz sog‘aydi, deb xulosa bergan.
F.N.: — Ular sherik bo‘lganmi?
B.I.: — Bunisini tergov davomida aniqlaymiz. Hammasiga huquqiy baho beriladi.
F.N.: — Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokorining ijtimoiy tarmoqlarda dorilar yetishmovchiligi, shifoxonadagi muammolar, Jonlantirish bo‘limi bo‘lmagani haqida aytgan gaplari tarqalgandi. Ko‘pchilik uni aynan global tarmoqdagi arzi sabab qamoqqa olindi, degan fikrda qolmoqda.
B.I.: — Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokorining ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi, sharoit borasidagi shikoyatining unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bu yerda jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga bir malakali shifokor, 12 yildan ortiq Jonlantirish bo‘limida ishlagan mutaxassisning Ruhiy asab kasalliklari dispanserida vafot etgani, bu yerda qo‘pol qonun buzilish holatlari bo‘lgani, uning hayotini saqlab qolish chorasi ko‘rilmasdan, og‘zida turgan sun’iy nafas berish moslamasini yulib olib, uning vafot etishiga sabab bo‘lgani haqida so‘z bormoqda. Ana shular jinoiy ish qo‘zg‘atishga olib kelgan. Lekin, uning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi, go‘yoki mukofot pullarini olmagani haqidagi gaplari qo‘zg‘atilgan jinoiy ishga umuman aloqador emas.
F.N.: — Hozirgi davrda tergov jarayoni qaysi bosqichda davom etmoqda?
B.I.: — Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, taftish ishlari davom etmoqda. Tergov davomida Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki taftish hujjatlarida 250 milliondan ortiq byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilingani ma’lum bo‘ldi. Taftish ishlari davom etmoqda, tegishli ekspertizalar tayinlangan. Shu bois tergov harakatlari davom etmoqda. Natijasi bo‘yicha, albatta, qonuniy qaror qabul qilinadi.
F.N.: — Nima uchun unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi?
B.I.: — Yuqorida aytganimdek, tergov harakatlarini amalga oshirish mobaynida u o‘z aybini yashirish maqsadida hujjatlarni nobud qilib, so‘ralgan hujjatlarni bermay, tergov jarayonlariga qat’iy to‘sqinlik qilib kelgan. U o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarmasligi, sodir etgan holat og‘ir jinoyatlar turiga kirishi, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish maqsadida shunday chora qo‘llanilgan. Chunki, u Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida ko‘p hujjatlarni yo‘q qilgani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, uni tergovga chaqirishimizga qaramasdan, tergovga turli vajlar bilan qatnashmaslik uchun yashirinish choralarini ko‘rgani sababli unga sudgacha qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘lladik.
F.N.: — Tergov jarayonlarida u qilgan ishlaridan afsusdami yo hamon tan olmayaptimi?
B.I.: — Tergov mobaynida hech kim “men aybdorman”, demaydi. Lekin o‘zining hamkasbi Farrux Rustamovning vafot etganidan afsusda. U byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilinishiga bir-ikki vajlarni keltirdi, lekin hujjatlar uning aybi borligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
F.N.: — Shifoxonada ishlagan shifokorlar va hamshiralar tergovda qanday guvohlik berishyapti?
B.I.: — Tergov mobaynida Bosh shifokor bilan ishlagan ko‘pchilikni, hujjatlarga mas’ul bo‘lgan xodimlarni ham so‘roq qildik. Ular rahbarning aytganini qilishga majbur bo‘lganini aytgan. Jinoyat ishi ochildi degani, uning markazida faqat Bosh shifokor turibdi degani emas. Tergov jarayonlari davom etmoqda. Lekin tergov natijasi bo‘yicha kim aybdor bo‘lsa, hammasiga jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
F.N.: — Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida 250 milliondan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingani qanday aniqlandi? Ushbu mablag‘ qaysi davr mobaynida talon-taroj qilingan?
B.I.: —Tergov davomida shifoxonaning boshqa xodimlari bergan ko‘rsatmalarida shuncha mablag‘ talon-taroj qilinganini aytgan. Bu holatni tekshirib ko‘rganimizda, o‘zining tasdig‘ini topdi.
Ko‘rsatilgan mablag‘, yillar davomida emas, karantin boshlangan davrda talon-taroj qilingan. Albatta, hozir birdaniga shuncha mablag‘ talon-taroj qilingan, deb aytolmayman. Hozir jarayon davom etmoqda, taftish tayinlangan. Taftish natijalari va tayinlangan ekspertiza xulosalariga asosan ayblanuvchilar doirasi kengayishi mumkin. Yoki Bosh shifokorga qo‘yilgan ayblov to‘ldirilishi mumkin. Agar tergov mobaynida dalillarni keltiradigan bo‘lsa, 250 million so‘mni talon-taroj qilinmaganini isbotlab bersa, unga bu ayblov qo‘yilmaydi. Taftish natijalari va ayblovga nisbatan o‘zining vajlarini keltirsa, bularni albatta inobatga olamiz.
F.N.: — Hozirgi kunga qadar tergovga tazyiqlar bo‘lmadimi?
B.I.: — Tergovga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q. Tazyiq o‘tkazmadi, ammo dalillarni yo‘q qilishga harakat qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qildi, “tergovchi menga tazyiq o‘tkazyapti”, deb aytdi. Lekin bu uning aybini yuvmaydi.
Bir narsani aytishni xohlardimki, u qo‘pol ravishda kasb qoidalarini buzishi oqibatida, tajribali hamkasbi vafot etishiga, uch farzand otasiz yetim bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ldi. Marhum Farrux Rustamov ko‘rsatgan jasorati uchun, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, Zangiota tumanida tashkil etilgan COVID-19 markazida bemorlarning davolanishiga harakat qilib, o‘z vazifasini sidqidildan bajarib, buning natijasida o‘zi ushbu virusga chalingani va ushbu kasallikdan vafot etgani sababli Prezidentimiz farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.