O‘zbekistonning Bosniya va Gersegovinaga birinchi elchisi tayinlandi
Olam
−
14 aprel
1346O‘zbekistonning Bosniya va Gersegovinaga tayinlangan birinchi Favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Ibrohimov ushbu davlat Prezidiumi raisi Jelka Sviyanovichga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston hamda Bosniya va Gersegovina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bosniya va Gersegovina yetakchisi Jelka Sviyanovich O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Har ikki tomon munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Ibrohimov bungacha O‘zbekistonning Avstriya, Albaniya va Slovakiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida akkreditatsiya qilingan edi. Xususan, diplomat 2023 yilning noyabr oyida Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellenga, 2025 yilning yanvar oyida Albaniya Prezidenti Bayram Begayga va shu yilning mart oyida Slovakiya Prezidenti Peter Pellegriniga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Shuningdek, Ibrohimov 2023 yilning oktyabr oyida YeXHT, UNODC, MAGATE va Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar va BMTning Vena shahridagi boshqa institutlarida O‘zbekistonning rasmiy vakili sifatida ham akkreditatsiyadan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ivan Orlich Bosniya va Gersegovinaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangandi.
LiveBarchasi